Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyada bo‘lib o‘tgan V yozgi Paraosiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli qatnashgan milliy terma jamoa a’zolariga maxsus tabrik yo‘lladi. Davlat rahbari mamlakat sportchilari Osiyo qit’asining 45 ta davlatidan kelgan 2,6 mingdan ortiq eng kuchli raqiblar orasida chinakam jasorat ko‘rsatganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchilar 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Ta’kidlanishicha, milliy terma jamoa Hindiston, Janubiy Koreya, Eron, Tailand va Indoneziya kabi yirik sport davlatlari jamoalarini ortda qoldirib, faqatgina Xitoy Xalq Respublikasi va Yaponiyadan keyingi pog‘onani egallagan.

Tabrikda delegatsiya qo‘lga kiritgan oltin medallarning teng yarmi qizlar hissasiga to‘g‘ri kelgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Jumladan, pauerliftingchi Roza Qo‘zieva jahon rekordini o‘rnatgan bo‘lsa, Madina Muxtorova, Karomat Omonova, Shahina Yigitaliyeva, Navro‘za Ahmadova, Xurshid Qodirov, Yegor Bolotov va 16 yoshli Lolaxon Qodirova Osiyo rekordlarini yangiladi.

Shuningdek, Dmitriy Xorlin to‘rtinchi marotaba, Bobirjon Omonov, Husniddin Norbekov, Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev va Faxriddin Hamroyev uchinchi bor Paraosiyo o‘yinlari shohsupasiga ko‘tarildi. Asila Mirzayorova, Shahina Yigitaliyeva, Guljonoy Naimova va Roza Qo‘zieva esa qit’ada yana bir bor o‘z ustunligini amalda tasdiqladi.

Source: kun.uz