Mamlakatning amaldagi chempioni «Neftçi» klubi bosh murabbiyi lavozimiga 33 yoshida tayinlangan Islombek Ismoilov matbuotga bergan intervyusida o'z faoliyati, jamoaga kelish jarayoni va oldindagi rejalar haqida batafsil to'xtalib o'tdi. Uning so'zlariga ko'ra, bunday yoshda yirik vazifalarni bajaruvchi jamoani boshqarish ko'pchilikda turli savollarni tug'dirgani tabiiy, biroq mutaxassis bu mas'uliyatni o'z zimmasiga olishdan qo'rqmaganligini ta'kidladi.
Murabbiyning aytishicha, klubga kelish vaqtida uning qalbida qo'rquv bo'lmagan, faqatgina muayyan ikkilanishlar kuzatilgan, chunki u to'g'ridan-to'g'ri yoshlar terma jamoasidan yuqori maqsadlarga intiluvchi professional klubga o'tgan edi. Shuningdek, u Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bilan bo'lgan suhbatlar unga qo'shimcha kuch bag'ishlagani va katta ishonch bildirganini alohida e'tirof etdi.
Vodiyning uchta nomdor klubidan takliflar olgani haqida gapirar ekan, Ismoilov aynan «Neftçi»ni tanlaganining sababini shaxsiy rishtalar va bolalikdagi xotiralar bilan izohladi. Uning otasi ham ushbu jamoada o'ynagan va ishlagan, shuning uchun boshqa jamoani tanlash o'ziga nisbatan adolatsizlik bo'lishini qayd etdi.
Jamoaning tajribali futbolchilari bilan munosabatlarga to'xtalib, murabbiy boshida biroz qiyinchiliklar bo'lganini yashirmadi. Biroq u o'zmehnati va prinsiplari orqali futbolchilarning hurmatini qozonishga muvaffaq bo'lganini, o'tgan 9-10 oy davomida hech qanday jiddiy nizolar yuzaga kelmaganini bildirdi.
Source: kun.uz