Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida joriy yilning 19-24-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida tashkil etilgan V Paraosiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli qatnashib qaytgan sportchilarimizni munosib taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik sportchilar yuqori mahorat va matonat namoyish etib, mamlakat sharafini xalqaro maydonda munosib himoya qilishdi.

Quvonchli tadbirda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Sport vaziri Adham Ikromov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport masalalari bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari va Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Marosim davomida Senat raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimiz rahbariyatining tabrigini o‘qib eshittirib, sportchilarning erishgan yutuqlari butun xalqimiz uchun katta g‘urur manbai ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. G‘oliblar va sovrindorlar davlat darajasidagi e’tibor va e’tirof bilan qarshi olindi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, mazkur Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari 11 ta sport dasturida o‘z kuchini sinab ko‘rdi. Xususan, para yengil atletika, para dzyudo, para suzish, para pauerlifting, para taekvondo va para velosport turlari bo‘yicha kechgan murosasiz bellashuvlarda vakillarimiz jami 145 ta medalni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Source: kun.uz