Poytaxt Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini yaxshilash bahonasida yana ikkita muhim yo‘l qismida — Amir Temur shohko‘chasi va Yangi Sergeli ko‘chasida BRT (Bus Rapid Transit) tizimi asosida alohida avtobus yo‘laklarini qurish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu o‘zgarishlar shahar infratuzilmasiga qo‘shimcha yuklama olib kelib, haydovchilar uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqarishi kutilmoqda.
Ma'lum qilinishicha, qurilish ishlari bevosita yo‘lning markaziy qismida amalga oshirilmoqda. Harakat uchun qolgan yo‘laklar ochiq qoldirilayotgani aytilsa-da, amalda bu kabi keng ko‘lamli ta'mirlash ishlari ko‘chalarda tirbandliklar va transport harakatining keskin sekinlashishiga sabab bo‘lishi tabiiy.
Shu munosabat bilan Yo‘l harakatini tashkil etish markazi haydovchilarni transport harakatida vaqtinchalik jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirib, zarur hollarda muqobil yo‘nalishlarni tanlashga chaqirdi. Biroq shahar yo‘llaridagi mavjud yuklama sharoitida muqobil yo‘llarni topish ham o‘z navbatida qo‘shimcha muammolarni tug‘dirmoqda.
Dastlabki bosqichdagi qurilish ishlari Amir Temur shohko‘chasining 1,4 kilometrli qismini (Ahmad Donish ko‘chasi bilan kesishmadan Shahriston ko‘chasigacha) hamda Yangi Sergeli ko‘chasining shuncha qismini (Choshtepa ko‘chasi bilan kesishmadan SOUEAST servis markazigacha) qamrab oladi. Hozirgi vaqtda Shahrisabz ko‘chasida ham shunday yo‘lak qurilishi davom etmoqda, bu esa poytaxt bo‘ylab harakatlanishni yanada murakkablashtirmoqda.
Mutasaddilarning rejalariga ko‘ra, kelgusida barcha uchastkalar birlashtirilib, Yangi Sergeli — Shota Rustaveli — Shahrisabz — Amir Temur yo‘nalishi bo‘ylab yagona yo‘lak hosil qilinishi kerak. Shuningdek, poytaxt hokimligi kelgusida bu tizimni Muqimiy, Qoratosh, Ko‘kcha Darvoza, Parkent va Mirzo Ulug‘bek kabi boshqa yirik ko‘chalarda ham joriy etishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgan.
Source: www.gazeta.uz