O‘zbekistonda chiqindilar bilan ishlash sohasini tubdan isloh qilishga qaratilgan "Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur tashabbus doirasida chiqindilarni yagona tasniflash, ishlab chiqaruvchilar va importerlarning mas’uliyatini yanada kengaytirish hamda qurilish, tibbiy va xavfli chiqindilar bilan muomala qilish bo‘yicha yangi tartiblarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Hujjatda, shuningdek, plastik va shisha idishlar hamda alyuminiy bankalar uchun majburiy garov puli tizimini joriy etish nazarda tutilgan bo‘lib, iste’molchilar idishni topshirganidan keyin pulini qaytarib olishlari mumkin bo‘ladi.
Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov deputatlardan hujjatni birinchi o‘qishda ma’qullashni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi qonun bundan 24 yil muqaddam qabul qilingan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida chiqindilarning hajmi ham, tarkibi ham keskin o‘zgargan, shuningdek, xususiy operatorlar, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari va raqamli hisobga olish tizimlari amaliyotga kirib kelgan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda 15,1 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lgan, biroq ularni saralash ulushi atigi 5,2 foizni tashkil etgan. Plastik va shisha idishlar hamda alyuminiy bankalarni qayta ishlash ko‘rsatkichi ham past darajada qolmoqda. Muammoni hal qilish maqsadida joriy etilishi rejalashtirilayotgan depozit tizimi iste’molchilarni idishlarni tashlab yubormasdan, balki yig‘ib topshirishga rag‘batlantirishi kutilmoqda. Shuningdek, qurilish chiqindilari hajmining ortib borishi munosabati bilan ularni yig‘ish va olib chiqish xarajatlarini loyiha-smeta hujjatlariga kiritish majburiy etib belgilanmoqda.
Source: podrobno.uz