Aleksey Kim va Mir Mati o'zlarining yangi loyihasi doirasida maxsus Uzum Market platformasida sotishga mo'ljallangan Muller qurilish asboblari brendiga asos solishdi. Tadbirkorlarning ta'kidlashicha, ular 2024-yilda atigi yarim yil ichida o'z savdo aylanmasini 1 milliard so'mdan oshirishga muvaffaq bo'lishgan. Yangi brend jamoasi mamlakatimiz bozorida noldan qanday qilib muvaffaqiyatli loyiha yaratishgani va mahalliy talabga moslashgani haqida o'z tajribalari bilan o'rtoqlashdi.
Ma'lum bo'lishicha, Uzum Market'ga chiqishdan oldin bu tadbirkorlar Rossiyada o'yinchoqlarning ulgurji va chakana savdosi bilan shug'ullanishgan. Ularda Ozon hamda Wildberries kabi yirik marketpleyslar bilan ishlash tajribasi bor edi, bu esa onlayn savdoning o'ziga xos xususiyatlarini yaxshi tushunishga yordam bergan. O'zbekistonga ko'chib kelganidan so'ng, ular to'plangan tajribadan foydalanib, yangi biznes boshlashga qaror qilishdi va 2024-yil 23-fevralda Muller kompaniyasi tashkil etildi.
Yo'nalishni tanlashda biznes aloqalar muhim rol o'ynagan, chunki ularning do'stlaridan birining Xitoyda qurilish asboblari ishlab chiqaradigan zavodi bor edi va u o'sha paytda yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini qidirayotgan edi. Tadbirkorlar buni istiqbolli yo'nalish deb bilib, Uzum Market'dan asosiy savdo maydoni sifatida foydalanishga qaror qilishdi. Biroq, ular xaridorlarning xulq-atvorida muhim farqlarga duch kelishdi: agar Rossiyada xaridorlar sifat uchun biroz ko'proq pul to'lashga tayyor bo'lsa, O'zbekistonda narx ko'pincha tovarni tanlashda hal qiluvchi omilga aylanadi.
Hozirgi kunda Muller brendining asosiy bestselleri 399 ta asbobdan iborat universal to'plam bo'lib qolmoqda. Kompaniyaning asosiy jamoasi atigi olti kishidan iborat bo'lib, ularning ikki nafari Xitoyda, to'rt nafari esa O'zbekistonda faoliyat yuritmoqda. Shunga qaramay, ular qisqa fursat ichida sezilarli natijalarga erishishni uddalashdi.
Source: kun.uz