Mamlakatimiz tibbiyotida muhim yangi bosqich boshlandi: Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida sun'iy intellekt tomonidan boshqariladigan robot-assistent yordamida son bo‘g‘imini endoprotezlash bo‘yicha ilk bor jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Mazkur tarixiy operatsiya jarayoni mamlakatimizning barcha hududlariga jonli efirda namoyish etildi, bu esa mahalliy mutaxassislar uchun muhim mahorat darsi vazifasini o‘tadi.
Shifokorlarning ta'kidlashicha, og‘ir darajadagi son bo‘g‘imi deformatsiyalarida sun'iy protezni kerakli burchak ostida to‘g‘ri o‘rnatish jarrohlik muvaffaqiyatini belgilovchi asosiy omil hisoblanadi. Travmatolog-ortoped Dilshod Shamsimetovning so‘zlariga ko‘ra, robotlashtirilgan texnologiyalar operatsiya vaqtini qisqartirish, protezni xatosiz va aniq tanlash hamda o‘rnatish, asoratlar xavfini minimallashtirish va bemorlarning tezroq oyoqqa turishiga yordam beradi.
Qayd etilishicha, jarrohlik amaliyotidan oldin robot-assistent bemorning kompyuter tomografiyasi ma'lumotlarini tushunib, virtual rejalashtirishni amalga oshiradi. Operatsiya vaqtida esa inson qo‘li bajarishi qiyin bo‘lgan o‘ta nozik va aniq harakatlarni bajarishga yordam beradi. Mazkur jarayonda ishtirok etgan xitoylik mutaxassis Syu Peng ham ushbu texnologiyaning yuqori samaradorligini e'tirof etib, ikki davlat o‘rtasidagi tibbiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini ta'kidladi.
Kelgusida markazning hududiy filiallarida ham shunday ilg‘or robotlashtirilgan operatsiyalarni bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan. Bu esa tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va hududlardagi aholiga ham yuqori texnologiyali yordam ko‘rsatish imkonini berishi kutilmoqda.
Source: uznews.uz