Mamlakatda xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan sa'y-harakatlar doirasida navbatdagi muhim qadam tashlandi. O‘zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi dunyodagi yetakchi madaniy muassasalardan biri bo‘lgan Parijdagi Pompidou markazi bilan rasmiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi.
Joriy yilning 21-oktabr kuni Parij shahrida O‘zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayanэ Umerova va Centre Pompidou prezidenti Loran Le Bon o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, ikki tomonlama uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan muhim bitim imzolandi.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, kelgusida Parijdagi mashhur markazda O‘zbekiston madaniyati va tasviriy san'atiga bag‘ishlangan yirik ko‘rgazmani tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha mamlakatimiz boy merosini xalqaro jamoatchilikka keng tanishtirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma'lumot o‘rnida ta'kidlash joizki, 1977 yilda ochilgan Jorj Pompidou nomidagi Milliy san'at va madaniyat markazi dunyodagi eng yirik madaniy o‘choqlardan biri hisoblanadi. Uning tarkibidagi Fransiya zamonaviy san'at muzeyida Pablo Pikasso, Anri Matiss, Vasiliy Kandinskiy va Endi Uorxol kabi daholarning asarlari saqlanadi.
Source: uznews.uz