Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy hafta davomida Toshkent shahrida nisbatan iliq va yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatilishi kutilmoqda. Sinoptiklarning ma'lumotlariga ko‘ra, kunduzi havo harorati +18…+20 darajagacha ko‘tarilsa, kechasi bu ko‘rsatkich +8…+10 darajani tashkil etadi. Biroq, ushbu meteorologik sharoitlar mintaqadagi ekologik vaziyatga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

O‘zgidromet bergan xabarga ko‘ra, 1-noyabrgacha poytaxtda atmosfera inversiyasi kuzatiladi. Yog‘ingarchilikning mutlaqo yo‘qligi va shamol tezligining pastligi havo massalarining tabiiy o‘z-o‘zini tozalash jarayonini sezilarli darajada sekinlashtiradi. Natijada, shahar havosida chang zarrachalari va boshqa zararli ifloslantiruvchi moddalarning konsentratsiyasi ortishi ehtimoli yuqori.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, atmosfera inversiyasi bu – havo harorati balandlik oshishi bilan pasayish o‘rniga aksincha ortib boradigan meteorologik hodisadir. Bunday vaqtda yer yuzasiga yaqin sovuq qatlam ustida iliq havo qatlami hosil bo‘lib, vertikal havo almashinuvini to‘sib qo‘yadi va barcha chiqindilar quyi qatlamda qolib ketadi.

Source: www.gazeta.uz