Vazirlar Mahkamasining joriy yil 30-iyuldagi yopiq turdagi qaroriga muvofiq, 2027-yilning 1-yanvaridan boshlab oziq-ovqat sanoati korxonalari uchun oq shakar importiga 300 ming tonnalik yillik kvota joriy etilishi belgilandi. Ushbu hujjat keng jamoatchilik uchun yopiq bo‘lib qolayotgan bir paytda, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qator moliyaviy imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
«Mahalliy shakar ishlab chiqarishni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va shakar bozorini barqarorlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 417-sonli qarorga ko‘ra, joriy etilayotgan kvotalar uch yo‘nalish bo‘yicha taqsimlanadi. Shu bilan birga, ichki isteʼmol hajmi, ishlab chiqarish quvvatlarining bandligi hamda ichki bozordagi narxlarning dinamikasidan kelib chiqqan holda, kvotalar har olti oyda qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi aytilmoqda.
Yangi tartibga asosan, kvotalar miqdori bo‘yicha takliflar Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobat qo‘mitasi hamda Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan tayyorlanadi. Hukumat har yili noyabr oyida kelgusi yil uchun kvotalarni tasdiqlashi shartligi belgilangan. Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat tashkilotlari va korxonalari oq shakar xarid qilishda birinchi navbatda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotini tanlashi majburiy etib belgilanmoqda.
Qolaversa, mahalliy shakar zavodlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning «O‘zsanoatqurilishbank» oldidagi kreditlarini qaytarish muddati ikki yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda besh yilgacha uzaytirilishi ko‘zda tutilgan. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi jamg‘armasi hisobidan esa xorijiy valyutada olingan kreditlar foiz xarajatlarining yarmigacha bo‘lgan qismi qoplab berilishi maʼlum qilindi.
Bundan tashqari, hukumat Iqtisodiyot va moliya vazirligiga mahalliy shakar zavodlarini 2031-yilning 1-yanvariga qadar foyda solig‘i hamda mol-mulk solig‘idan to‘liq ozod qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqishni topshirgan. Mutaxassislar va iqtisodchilar, jumladan Otabek Bakirov bu kabi yopiq qarorlar va imtiyozlar bojxona tushumlarining qisqarishiga olib kelishini va taxminan 65 million dollar miqdorida yo‘qotishlar yuzaga kelishini taʼkidlab o‘tishmoqda.
Source: kun.uz