Joriy yilning yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko'ra, O'zbekistonda o'rtacha nominal ish haqi miqdori 7,27 million so'mni tashkil etdi. Rasmiy statistik ma'lumotlarga tayanilsa, mazkur ko'rsatkich o'tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga oshgan. Shu bilan birga, yanvar-avgust oylaridagi median ish haqi taxminan 4,17 million so'm atrofida shakllangani qayd etildi.
Hududlar kesimida daromadlar taqsimoti keskin farq qilishi saqlanib qolmoqda. Eng yuqori o'rtacha oyliklaranq Toshkent shahri (12,3 million so'm) hamda Navoiy viloyatida (8,82 million so'm) kuzatildi. Toshkent viloyatida esa bu ko'rsatkich 6,89 million so'mni tashkil etgan bo'lib, qolgan hududlarda o'rtacha ish haqi 6 million so'mdan pastligicha qolmoqda.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo'yicha bank, sug'urta, lizing va kredit sohasi xodimlari eng ko'p maosh oluvchilar sifatida yetakchilik qilmoqda – bu yerda o'rtacha oylik 19,71 million so'mga yetgan. Axborot texnologiyalari va aloqa tarmog'ida 17,01 million so'm, transport sohasida esa 11,27 million so'm qayd etildi.
Eng past ko'rsatkichlar an'anaviy tarzda ijtimoiy sohalarga to'g'ri kelmoqda. Xususan, sog'liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish tizimida o'rtacha oylik 4,45 million so'mni tashkil etgan bo'lsa, ta'lim sohasida 5,02 million so'm darajasida qolmoqda. Avvalroq Markaziy bank ham mamlakatda o'rtacha ish haqi 7 million so'mdan oshganini ma'lum qilgan edi.
Source: podrobno.uz