Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar sonining ko‘payishi fonida yuzaga kelayotgan ma'lum noqulayliklar haqida xabarlar keng tarqalmoqda. Shahar aholisi va mehmonlari poyezdlar harakatidagi vaqtinchalik uzilishlar hamda tirbandliklardan shikoyat qilishmoqda.

«Toshkent metropoliteni» AJ matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, hozirgi vaqtda yo‘lovchilar oqimini samarali boshqarish, xavfsiz va qulay sharoitlarni yaratish hamda poyezdlar orasidagi intervalni qisqartirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mas'ullar mavjud imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishga urinishayotganini ta'kidlashmoqda.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 2026-yil davomida metropoliten uchun 14 ta zamonaviy poyezd tarkibi xarid qilinib, foydalanishga topshirilgan. Ushbu yangi harakatlanuvchi tarkiblar xizmat sifatini oshirish va harakat intervallarini bosqichma-bosqich qisqartirish imkonini berishi aytilmoqda, biroq talabning o‘sishi bu choralarni yetarlicha tez sezilarli qilishga imkon bermayotgan bo'lishi mumkin.

Poytaxt metrosi vakillarining ta'kidlashicha, agar 2021-yilda metropoliten xizmatlaridan kuniga o‘rtacha 280–300 ming yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, 2026-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1,2 million kishidan oshib ketgan. Bunday keskin o‘sish aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojini ko‘rsatsa-da, infratuzilmaga ulkan yuklama bermoqda.

Yuzaga kelayotgan vaziyat bo'yicha yaqin kunlarda maxsus matbuot anjumani o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda metropoliten faoliyati, yo‘lovchilar oqimini boshqarish, poyezdlar intervallari va kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma'lumot berilishi kutilmoqda.

Source: uznews.uz