O‘zbekistonda shaharlararo va shaharoldi yo‘nalishlardagi qatnovlar uchun elektron chipta xarid qilgan yo‘lovchilarga kamida 20 foizlik chegirma taqdim etish taklif etilmoqda. Ushbu tashabbus transport sohasidagi yangi islohotlar doirasida muhokama qilinmoqda.
Tegishli yangiliklar Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan prezident qarori loyihasida nazarda tutilgan. Mazkur hujjat «2030-yilgacha temir yo‘l, havo va avtomobil transportida ichki yo‘lovchi tashishni kompleks rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» deb nomlanadi.
Loyihaga ko‘ra, imtiyozli tariflarni joriy etishdan asosiy maqsad elektron to‘lov tizimlarini ommalashtirish, yo‘lovchi tashish jarayonlarining shaffofligini ta'minlash hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishdan iboratdir. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun tashuvchilarga kompensatsiya to‘lash mexanizmlari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Yangi tartib 2027-yilning yanvar-mart oylarida ishga tushirilishi va uning amal qilish muddati 2029-yil oxirigacha uzaytirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2030-yil 1-yanvardan boshlab shaharoldi va shaharlararo avtobuslar hamda poyezdlarda naqd pul muomalasidan voz kechib, to‘liq naqdsiz tizimga o‘tish rejalashtirilgan. Hozirgi kunda ushbu yo‘nalishlardagi yo‘lovchilarning qariyb 70 foizi yo‘l haqini naqd pulda to‘layotgani qayd etilgan.
Source: uznews.uz