O‘zbekistonda fuqarolar va tadbirkorlarga o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarining buzilishini kutmasdan, ehtimoliy xavflarning oldini olish maqsadida ma’muriy sudlarga oldindan murojaat qilish imkoniyatini taqdim etish rejalashtirilmoqda. Ushbu muhim o‘zgarish Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning yangi tahriri loyihasida o‘z aksini topgan bo‘lib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi uni joriy yilning 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjat davlat organlarining noqonuniy harakatlarini oldini olishga va fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.
Loyihani deputatlarga tanishtirgan Oliy sud raisining o‘rinbosari Shuhrat Polvonovning ma’lum qilishicha, sud amaliyotiga ma’muriy da’volarning to‘rt turini joriy etish nazarda tutilmoqda. Bular — nizolashish, taqiqlash, majburiyat yuklash hamda tan olish to‘g‘risidagi da’volardir. Yangi mexanizmlar qatoriga kiruvchi taqiqlash da’vosi tadbirkorlarga soliq yoki qurilish idoralari kabi ma’muriy tuzilmalar ularning faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashishining oldini olish uchun sud orqali taqiq qo‘yishni talab qilish huquqini beradi. Bu esa huquqiy himoyani reaktiv bosqichdan proaktiv holatga o‘tkazish imkonini yaratadi.
Muhokama jarayonida deputatlar yangi institutlarning amalda qo‘llanilish mexanizmlari, xususan, ma’muriy organlarning vakolatlarini cheklash chegaralari yuzasidan qator savollarni o‘rtaga tashladi. Oliy sud vakillari ushbu model Germaniya tajribasi asosida ishlab chiqilganini va uni tayyorlashda qator xorijiy mutaxassislar ishtirok etganini ta’kidladi. Shuningdek, loyihada davlat organlarining qabul qilayotgan qarorlari asosliligini isbotlash majburiyatini kuchaytirish, sudga murojaat qilish tartibini soddalashtirish hamda kamida 20 nafar shaxsni birlashtiruvchi jamoaviy da’volar institutini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
Source: www.gazeta.uz