Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda transport tizimini modernizatsiya qilish va yo‘lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida ulkan infratuzilma loyihalari muhokama qilinmoqda. Xususan, temiryo‘l, havo va avtomobil transportida ichki yo‘lovchi tashish kompleks strategiyasi doirasida yirik shaharlarda aeroportlar hamda temiryo‘l vokzallarini o‘zaro bog‘lovchi yangi temiryo‘l tarmoqlarini barpo etish ko‘zda tutilgan. Ushbu tashabbus 2030 yilgacha mo‘ljallangan rivojlanish dasturining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida taqdim etilgan.

Tasdiqlanishi kutilayotgan hujjatga ko‘ra, mamlakatimizning uchta yirik hududida – Toshkent, Urganch va Buxoro shaharlarida havo bandargohlari va temiryo‘l vokzallari yagona transport halqasiga birlashtiriladi. Xususan, poytaxtdagi yangi Toshkent aeroporti Shimoliy temiryo‘l vokzali bilan temiryo‘l orqali bog‘lanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, xuddi shunday loyihalar Urganch va Buxoro shaharlarida ham amalga oshirilib, xalqaro aeroportlar bevosita temiryo‘l infratuzilmasiga ulanishi aytilmoqda.

Loyihalarni amalga oshirish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, dastlabki yo‘nalishni 2026 yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan. 2029 yilga borib ularning soni ikkitaga, 2030 yilga kelib esa uchtaga yetkazilishi kutilmoqda. Moliyalashtirish manbasi sifatida tijorat banklarining kredit mablag‘lari jalb etilishi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, buning uchun tegishli texnik-iqtisodiy asoslar va loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash talab etiladi.

Bundan tashqari, kelgusi yillarda transportlararo integratsiyani kuchaytirish maqsadida aeroportlar, temiryo‘l va avtovokzallarni o‘zaro bog‘lovchi 20 ta yangi jamoat transporti yo‘nalishini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Mazkur strategiya loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamalari davom etmoqda va takliflar qabul qilinmoqda.

Source: uznews.uz