Toshkent shahrida ekologik vaziyat yana keskinlashib, atmosfera inversiyasi yana 10 kun davom etishi taxmin qilinmoqda. O'zgidromet mutaxassislarining xabar berishicha, ushbu tabiiy hodisa havo ifloslanishining yanada kuchayishiga hamda zararli moddalarning shahar uzra qolib ketishiga sabab bo'lmoqda.
Idora vakillarining tushuntirishicha, havoga doimiy ravishda chang va turli ifloslantiruvchi moddalar chiqarilib turibdi. Tabiiy shamol va yog'ingarchilik kabi omillarning yetishmasligi bu zarrachalarning tarqalib ketishini qiyinlashtirmoqda. Atmosfera inversiyasi esa ularning yuqoriga ko'tarilib yo'qolishiga to'sqinlik qilib, pastki qatlamlarda to'planishiga olib kelmoqda.
Yuzaga kelgan noqulay ekologik sharoitni yumshatish maqsadida shahar miqyosida bir qator majburiy chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani aytilmoqda. Xususan, avtomobil yo'llariga suv sepish ishlari faollashtirilgan, issiqxonalarga zamonaviy filtrlar o'rnatilmoqda, qo'shimcha ko'kalamzorlashtirish tadbirlari va qurilish maydonlarida chang ko'tarilishining oldini olish nazorati kuchaytirilgan.
Shuningdek, mas'ul idoralar tomonidan atrof-muhitni ifloslantirayotgan issiqxonalar hamda sanoat korxonalariga nisbatan reydlar uyushtirilib, qoidabuzarliklarga qarshi choralar ko'rilayotgani ma'lum qilindi.
Source: kun.uz