Toshkent shahrida o‘tkazilgan Tashkent Design Week tadbirlari doirasida “Atlas” byurosi strategi va urbanist Darya Kovalenko Yangi Toshkent loyihasini rivojlantirishga bag‘ishlangan “Yangi Toshkent atlasi” nomli keng qamrovli qo‘llanmani omma e’tiboriga havola etdi. Mazkur besh qismdan iborat illyustratsiyali hujjat yangi shahar muhitini bosqichma-bosqich va kompleks tarzda barpo etishda asosiy yo‘riqnoma bo‘lishi kutilmoqda.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, dizayn kod shaharning yagona qiyofasini shakllantirish hamda me’morlar va loyihachilar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun zarur vositadir. Unga ko‘ra, bunday hujjat qurilish boshlanishidan oldin ishlab chiqilishi shart, aks holda tartibsiz va bir-biriga mos kelmaydigan me’moriy yechimlar yuzaga kelishi mumkin.
Taqdim etilgan atlas obodonlashtirish, me’moriy reglamentlar, montaj qoidalari hamda binolarni ekspluatatsiya qilish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan. Xususan, ekspertlar zamonaviy binolarning qushlar uchish yo‘laklariga xalaqit bermasligi, shuningdek, mahalliy iqlim sharoitlari va ranglar palitrasini hisobga olishgan.
Source: www.gazeta.uz