O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) mamlakat milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro lavozimini tark etishi haqida xorijiy OAVda tarqalgan xabarlarni qat'iyan rad etdi. Assotsiatsiya tarqatgan rasmiy bayonotda bu kabi ma'lumotlar haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligi alohida ta'kidlandi.
So‘nggi soatlarda internet tarmoqlari va xorijiy manbalarda, jumladan, taniqli insayder Fabritsio Romano sahifalarida Osiyo kubogi-2027 musobaqasi muddatining o‘zgartirilishi ortidan italiyalik mutaxassis o‘z lavozimini tark etishi mumkinligi haqida taxminlar e'lon qilingan edi. Biroq O‘FA bu kabi xabarlarga ishonmaslikni va faqat rasmiy manbalarga tayanib ish ko‘rishni so‘radi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Fabio Kannavaro bilan 2025-yil kuzida 2+3 sxemasi asosida shartnoma imzolagan edi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, Osiyo kubogidagi ko‘rsatiladigan natijalardan kelib chiqib, shartnomani yana uch yilga uzaytirish ko‘zda tutilgan.
Source: kun.uz