Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy yilning 3-noyabr kuni Toshkent shahrida mamlakatimizning yirik energetika va sanoat korxonalarida issiqxona gazlari chiqindilarini monitoring qilish, hisobot berish va verifikatsiya qilish (MRV) tizimini bosqichma-bosqich joriy etish bo'yicha "Yo'l xaritasi" taqdimoti hamda muhokamasi bo'lib o'tdi. Ushbu uchrashuv Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmatining xabariga ko'ra, Jahon bankining Vey-Chjen Lyu boshchiligidagi missiyasining respublikamizga tashridi doirasida tashkil etildi.

Mazkur tadbir Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi hamda Jahon banki ekspertlari hamkorligida o'tkazildi. Muhokamalarda Energetika vazirligi, Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi vakillari, shuningdek, "O'zbekneftgaz", "Issiqlik elektr stansiyalari", AGMK, NGMK va "O'zkimyosanoat" kabi yetakchi sanoat gigantlari ishtirok etdi.

Tomonlar "Issiqxona gazlari chiqindilarini cheklash to'g'risida"gi qonunning amaliy mexanizmlarini ko'rib chiqdilar. Xususan, me'yoriy-uslubiy bazani shakllantirish, tarmoq uslubiyotlarini ishlab chiqish, yoqilg'i turlari bo'yicha milliy emissiya koeffitsientlari bazasini yaratish hamda idoralararo ma'muriy ma'lumotlar almashinuvini yo'lga qo'yish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Mutaxassislar raqamli reyestr va elektron hisobot shakllarini yaratish, ularni Milliy shaffoflik tizimining RISQ onlayn-platformasiga integratsiya qilish jarayonlarini muhokama qildilar. Ushbu tashabbus kelgusida uglerod solig'i va chiqindilar kvotalari savdosi tizimini (ETS) joriy etishga hamda Yevropa Ittifoqining chegaradagi uglerod to'g'rilash mexanizmi (CBAM) talablariga moslashishga xizmat qilishi aytilmoqda.

Source: podrobno.uz