Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahri 2027-yilda rasman turkiy dunyoning turizm poytaxti maqomini qo‘lga kiritadi. Ushbu muhim qaror Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan VI Xalqaro «Qo‘rqut Ota» turkiy dunyo kinofestivalining yopilish marosimida e'lon qilindi va mamlakatimizga tegishli ramziy kalit topshirildi.

Asosiy faktlar: Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akqulovga ramziy kalit Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Ma'lumot o‘rnida, 2026-yilda bu maqom Anqara shahriga tegishli bo‘lgan bo‘lsa, kelgusi yillarda Toshkent shahrida keng ko‘lamli xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi kutilmoqda.

Marosim doirasida Turkiya Madaniyat vazirligi rahbari O‘zbekistonni ushbu yuksak maqom bilan tabriklab, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, milliy an'analari hamda ulkan sayyohlik salohiyatini alohida e'tirof etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tashabbus turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akqulov turkiy dunyo mamlakatlari vakillarini 2027 yilda Toshkentda kutib olishdan mamnun bo‘lishini ta'kidladi. U xususan, kinoijodkorlarni O‘zbekistonga taklif etib, o‘zasining qadimiy shaharlari, betakror tabiati va boy madaniy merosini filmlarida kengroq yoritishga chaqirdi.

Ta'kidlash joizki, bungacha O‘zbekiston rahbariyati tomonidan turkiy tilli davlatlar o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surilgan edi. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev «Turkiy dunyo ma'rifatparvarlari» xalqaro ilmiy-ensiklopedik loyihasini boshlash hamda jadidchilik harakati arboblarining asarlari va arxiv hujjatlaridan iborat yagona raqamli kutubxona yaratishni taklif qilgan edi.

Source: podrobno.uz