Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekologik barqarorlikni ta’minlash va yaylovlar ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida keng ko‘lamli “yashil” loyihalarni amalga oshirish belgilandi. Bu prezidentning 2026-yil 5-noyabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida olib borilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-393-sonli qarorida nazarda tutilgan bo‘lib, hujjatga ko‘ra, 2027-yil 1-apreldan boshlab Orol hududining 50 ming gektar maydonida bosqichma-bosqich o‘rmonlashtirish loyihasi yo‘lga qo‘yiladi.
Asosiy faktlar: 2027-yil 1-apreldan boshlab Orolbo‘yida 50 ming gektar maydon o‘rmonlashtiriladi, 100 milliard so‘mlik investitsiya evaziga “Bo‘zatov agrostar” kompaniyasi tashkil etilib, dronlar yordamida cho‘l o‘simliklari ekiladi va Sudoche ko‘lida turizm rivojlantiriladi.
Ushbu tashabbusni amalga oshirish va xalqaro hamkorlarni jalb etish maqsadida Yaponiya, Koreya Respublikasi, shuningdek, AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya hamda Avstraliya kabi davlatlar bilan muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Uglerod birliklarining xalqaro savdosidan hosil bo‘ladigan sof daromad to‘liq mahalliy budjetga yo‘naltirilishi belgilangan bo‘lib, bu mintaqadagi moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirishi kutilmoqda.
Ekologik va agrar tashabbuslarning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida AT “Xalq banki” tomonidan 100 milliard so‘mlik investitsiya evaziga “Bo‘zatov agrostar” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilmoqda. Kompaniya tomonidan 10 dona zamonaviy dron, ularni tashish uchun maxsus avtotransport vositalari hamda 2 dona urug‘larni qayta ishlovchi granulyator xarid qilinib, 2030-yil yakuniga qadar 100 ming gektar yaylov maydonida cho‘l sharoitiga mos o‘simliklar urug‘lari ekiladi.
Qarorga muvofiq, Orolbo‘yining noyob tabiatini turizmga integratsiya qilish maqsadida BirdLife International assotsiatsiyasi ro‘yxatiga kiritilgan Sudoche ko‘llar tizimi uchastkasining bufer zonasida qushlarni kuzatish destinatsiyasi tashkil etiladi. Sudoche ko‘lini suv bilan barqaror ta’minlash uchun 5 kilometrlik yangi magistral kanal qazilib, uning xalqaro turistik brendi yaratilishi va “Karakalpakstan Pink Fest” xalqaro festivali o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Source: www.gazeta.uz