Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

️ O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida Mirziyoyev Ozarbayjon hududiga uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) bilan uyushtirilgan hujumlarni keskin qoraladi va jarohat olganlarning tezda sog‘ayib ketishini tiladi.

️ O‘zbekiston rahbari Yaqin Sharq mintaqasida kuzatilayotgan keskinlikning avj olishi ko‘plab tinch aholining qurbon bo‘lishiga olib kelayotganini va bu holat jiddiy xavotir uyg‘otayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Ramazon oyida ro‘y berayotgan bunday voqealar umuminsoniy qadriyatlarga, xalqaro normalar va davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyillariga zid ekani qayd etildi.

️ Mirziyoyev fuqarolarni Erondan Ozarbayjon hududi orqali xavfsiz evakuatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar va yaratilayotgan sharoitlar uchun Ilhom Aliyevga minnatdorchilik bildirdi. Ozarbayjon Prezidenti ham, o‘z navbatida, hamkasbiga do‘stona suhbat va sinovli damlarda ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash uchun alohida tashakkur izhor etdi.

️ Eslatib o‘tish kerakki, 5-mart kuni tushdan keyin Eron hududidan uchirilgan ikkita dron Ozarbayjondagi Naxichevan avtonom respublikasidagi aeroportning uchish maydoniga va qishloq maktabi yaqiniga qulagan. Voqea natijasida ikki nafar mahalliy fuqaro jarohat olgan.

️ Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Erondan izoh talab qildi va Eron elchisini chaqirtirib, unga norozilik bildirdi. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi esa mamlakatning hududiy yaxlitligi va suverenitetini himoya qilish, tinch aholi xavfsizligini ta’minlash uchun zarur javob choralarini tayyorlayotganini ma’lum qildi. Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjonga dron tushgan holatni “mutlaqo qabul qilib bo‘lmas” deb atagan edi.

Source: www.gazeta.uz