1946-yilning 5-martida Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Uinston Cherchill AQShning Missuri shtatidagi Fulton shaharchasida Vestminster kollejida minglab tinglovchilar, shu jumladan, o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Garri Trumen huzurida tarixiy nutq so‘zladi. Ushbu nutq, Cherchill tomonidan "Tinchlikning jon tomirlari" deb atalganiga qaramay, "Temir parda nutqi" yoki "Fulton nutqi" sifatida tarixga kirdi. Nutq asosan Ikkinchi jahon urushidan keyingi global tartib va yangi mojarolarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan edi. Cherchill tinchlikni saqlash uchun AQSh va Britaniya hamdo‘stligi o‘rtasida yaqin hamkorlikka chaqirdi, shuningdek, ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarning "alohida munosabatlari"ni, harbiy va strategik hamkorlikni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) orqali chuqurlashtirishni taklif qildi.
Cherchill o‘z murojaatida Sovet Ittifoqining urush tugaganidan keyin ham davom etayotgan siyosiy-mafkuraviy ambitsiyalariga alohida e‘tibor qaratdi. U Yevropada Sharq va G‘arb o‘rtasiga "temir parda" tortilganini ma’lum qilib, SSSRning Markaziy va Sharqiy Yevropada o‘z ta’sirini kuchaytirish, kommunistik mafkurani tobora ko‘proq targ‘ib qilish va hatto kuch bilan o‘rnatishga intilishlari haqida xavotirlarini bildirdi. Cherchill o‘z ittifoqchilarini hushyorlikka chaqirib, BMT doirasida SSSR bilan kelishuvlar zarurligini, G‘arb demokratik davlatlarining ittifoqi sovet ta’sirini tiyib turuvchi omilga aylanishi va yangi jahon urushining oldini olishi kerakligini ta’kidladi.
Nutq so‘zlagan paytda Cherchill hukumat lavozimida emasdi va uning AQShga tashrifi norasmiy, xususiy shaxs sifatida amalga oshirilgan edi. U o‘z so‘zlarini hech qanday hukumatning nuqtai nazarini aks ettirmasligini va shaxsan o‘z nomidan gapirayotganini tasdiqladi. Biroq, uning nutqi xalqaro siyosatning yangi bosqichi haqidagi manifest sifatida qabul qilindi va SSSRda keskin munosabat uyg‘otdi. Stalin Cherchilga ochiqchasiga javob qaytarib, uning so‘zlarini "ittifoqchi davlatlar o‘rtasiga nifoq urug‘ini sochishga mo‘ljallangan xavfli harakat" deb atadi va hatto Cherchilni Adolf Gitler bilan bir qatorga qo‘ydi.
Stalinning raddiyasiga qaramay, Cherchillning xavotirlari o‘rinli bo‘ldi. 1944-1945-yillarda SSSR qo‘shinlari Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga kirib kelgan va urush tugaganidan keyin ham mintaqani tark etishga shoshilmagan. 1946-yil martida Bolgariya, Ruminiya, Chexoslovakiya, Polsha va Vengriyada ko‘ppartiyaviylik tizimi rasman saqlanib qolganiga qaramay, mahalliy hokimiyat ustidan barqaror sovet nazoratini o‘rnatish uchun shart-sharoitlar yaratilayotgandi. Bu mamlakatlarda sovet harbiy maslahatchilari va xavfsizlik idoralari xodimlari faoliyat yuritgan, nokommunistik partiyalar va mustaqil tashkilotlar tizimli ravishda siqib chiqarilgan yoki yo‘q qilingan. 1948-1949-yillarga kelib mintaqada SSSRga siyosiy qaram bo‘lgan tuzumlar uzil-kesil shakllangan.
Cherchillning nutqi dasturiy davlat hujjati emas, iste’fodagi siyosatchining ommaviy chiqishi bo‘lsa-da, u AQSh, Buyuk Britaniya va SSSR o‘rtasida Gitlerga qarshi tuzilgan sobiq koalitsiyaning amalda parchalanganini qayd etdi. Nutqni faqatgina SSSRga qaratilgan hujum deb bilish noto‘g‘ri, chunki Sovet Ittifoqining 1945-1946-yillardagi siyosati o‘z niyatlari borasida qo‘rquv va shubhalar paydo bo‘lishiga yetarlicha asos yaratgan. Stalinning yon berishni istamagani va o‘z siyosatini o‘tkazishga urinishi dunyoning "sovuq urush" girdobiga kirib qolishida katta rol o‘ynadi.
Source: www.gazeta.uz