Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2026-yilga kelib mamlakat iqtisodiyotiga 50 milliard dollardan ortiq investitsiyalar jalb qilinishi, ijtimoiy va infratuzilma obyektlari qurilishiga 24 trillion so‘m budjet mablag‘lari yo‘naltirilishi, shuningdek, 300 trillion so‘mdan ziyod miqdorda davlat xaridlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bunday keng ko‘lamli rejalar ostida ekspertiza tizimining tezkor va sifatli ishlashi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Taqdimotda ta’kidlanganidek, amaldagi tartib zamonaviy talablarga to‘liq javob bermayapti va “tadbirkorlar hamda investorlar tomonidan asosli e’tirozlarga” sabab bo‘lmoqda. O‘tgan yili ekspertizaga kelib tushgan 7750 ta hujjatning salmoqli qismi kechikishlar bilan ko‘rib chiqilgan, ayrim loyihalar esa arzimas kamchiliklar tufayli bir necha bor qayta ishlashga qaytarilgan. Bu holat tizimning samarasizligini va vaqt yo‘qotishlarini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan, Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertiza qilish markazi yangi tashkil etilgan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan bo‘lib, unga tizim ishini modernizatsiya qilish vazifasi yuklatilgan. Taqdimotga ko‘ra, raqamlashtirish darajasi pastligi va xavf-xatarlarni tahlil qilish (risk-analiz) usullari mavjud emasligi sababli markaz xodimlariga tushayotgan yuklama yuqoriligicha qolmoqda. Muassasada 130 nafar mutaxassis ishlaydi, biroq loyihalar xavf darajasi va ahamiyati bo‘yicha toifalarga ajratilmagani bois, har bir xodimga o‘rtacha har ikki kunda bitta loyihani ko‘rib chiqish to‘g‘ri kelmoqda.

Bundan tashqari, kelib tushayotgan hujjatlarning salmoqli qismi qiymati nisbatan past bo‘lgan loyihalarga tegishli. Ko‘plab hujjatlar avval ko‘rib chiqilgan loyihalarga o‘xshash bo‘lsa-da, to‘liq ekspertiza siklidan o‘tmoqda, bu esa vaqt va resurs sarfini oshirmoqda. Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi direktori Baxtiyor Haydarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida loyihalarni majburiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha belgilangan mezonlar o‘zgarayotganini ma’lum qildi. Hozirda korporativ buyurtmachilar (davlat kompaniyalari) uchun 5 million dollardan, budjet buyurtmachilari uchun esa 20 milliard so‘mdan ($1,6 million) yuqori bo‘lgan loyihaoldi hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish majburiy hisoblanadi. Endilikda majburiy ekspertiza faqat qiymati 15 million dollardan yuqori bo‘lgan loyihalar uchun o‘tkaziladi.

Haydarovning aytishicha, ushbu o‘zgarishlar tufayli ilgari ekspertizadan o‘tgan 2000 ga yaqin hujjat endi markazga yuborilmasligi va buyurtmachilar 10 milliard so‘mga yaqin mablag‘ni tejab qolishlari kutilmoqda. Bu choralar markaz resurslarini yirik investitsiya loyihalariga yo‘naltirishga xizmat qilishi kerak. Bundan tashqari, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab markazning import qilinadigan tovarlarni ekspertizadan o‘tkazish xizmati “O‘zbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyatiga o‘tkaziladi.

Taqdimotda yirik va megaloyihalarni parallel ravishda ekspertizadan o‘tkazish, namunaviy loyihalarni tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish hamda jismoniy va ma’naviy jihatdan eskirgan uskunalar ekspertizasini soddalashtirish taklif etilmoqda. Shu bilan birga, benchmarking usulini qo‘llash va qator yo‘nalishlarda soddalashtirilgan ekspertiza tartiblarini joriy etish rejalashtirilgan. Buyurtmachilarni rag‘batlantirish choralari ham muhokama qilindi: loyiha birinchi bosqichdayoq ijobiy xulosa olsa yoki kamchiliklar muddatidan oldin bartaraf etilsa, ekspertizadan tezlashtirilgan tartibda o‘tish va chegirmalar berish taklif etilmoqda.

Jarayonlarni raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Soliq va bojxona organlari, milliy statistika, ekologiya va iqlim ma’lumotlari bazalari, shuningdek, qurilish resurslari milliy klassifikatori va davlat xaridlari elektron tizimlari bilan integratsiyalashgan yagona axborot platformasini yaratish ko‘zda tutilgan. Platforma loyiha hujjatlarini onlayn tarzda shakllantirish, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda tovar va xizmatlarning narxlari hamda texnik parametrlarini tahlil qilish imkonini berishi kutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz