Andijon viloyatida piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 9 yoshli bola Zil yuk mashinasi urib ketishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda viloyat YHXB xabar qildi.
Hodisa 24-fevral kuni soat 15:56 larda Baliqchi tumani "Eski Markaz" MFY hududidan o‘tgan D-105 avtomobil yo‘lining Farg‘ona halqa yo‘lining 103-kilometrida sodir bo‘lgan.
Unda 2002-yilda tug‘ilgan haydovchi o‘zining Zil 130 rusumli yuk transport vositasini boshqarib kelayotib, oldinda tartibga solingan chorrahadagi piyodalar o‘tish joyidan yugurib o‘tayotgan piyoda, 2017-yilda tug‘ilgan H.M.ni urib yuborgan. Shuningdek, rul boshqaruvini yo‘qotib, chorrahada to‘xtab turgan Cobalt bilan to‘qnashgan.
YTH oqibatida voyaga yetmagan piyoda olgan shifoxonada ko‘rsatilgan tibbiy muolajalariga qaramasdan vafot etgan.
Holat yuzasidan Baliqchi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz