1-mart 2026-yil kuni O‘zbekiston qonunchiligida bir qator yangi normalar kuchga kiradi. Quyidagi o‘zgarishlar amalga oshiriladi:
"Mehrli oila" xizmati
"Inson" ijtimoiy xizmat markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga ega ota-onalar uchun "Mehrli oila" xizmati tashkil etiladi. Xizmat Milliy ijtimoiy himoya agentligi huzuridagi Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiyalash markazi tomonidan amalga oshiriladi. Ota-onalarga oilaviy terapiya xizmatlari bepul taqdim etiladi.
Sun'iy yomg‘ir chaqirish loyihasi
O‘zbekistonda sun'iy yomg‘ir chaqirish texnologiyasi bo‘yicha amaliy tajriba loyihasi ishlab chiqiladi. Loyiha 1-martdan boshlanadi. Fransiya, Xitoy, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlar tajribasi o‘rganiladi. Loyiha doirasida 3-5 amaliy sinov o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Natijada yog‘ingarchilik miqdori 10-20 foizga oshirilishi kutilmoqda.
Notariuslarning yangi vakolatlari
Notariuslarga 1000 BРВ gacha bo‘lgan da'volar bo‘yicha ijro varaqalari berish tartibi joriy etiladi. Shuningdek, notariuslik lavozimida qolishning maksimal yoshi 65 yoshdan 70 yoshgacha oshiriladi.
Davlat xizmatiga qabulning yangi tizimi
Davlat organlaridagi bo‘sh lavozimlarga qabulning yangi tizimi joriy etiladi. Barcha bo‘sh lavozimlar haqidagi ma'lumotlar vacancy.gov.uz elektron platformasida e'lon qilinadi. Fuqarolar platformada ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy profil to‘ldirishlari mumkin. Qo‘shimcha sifatida kasbiy bilimlarni baholash uchun test sinovlari joriy etiladi.
"O‘zbekkosmos" qurilish maydonchalarini kuzatadi
"O‘zbekkosmos" agentligi viloyatlardagi qurilish maydonchalarini doimiy monitoring qiladi. Agentlikning ma'lumotlar bazasi va Qurilish sohasida nazorat inspektsiyasining ma'lumotlar bazalari o‘zaro integratsiyalashadi.
Source: kun.uz