Prezident Shavkat Mirziyoyev kosmosga sun'iy yo'ldosh uchirish bo'yicha dastlabki ishlar taqdimotini ko'rib chiqdi. Taqdimot davomida ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sun'iy yo'ldosh yaratish loyihasi ham muhokama qilindi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Taqdimotda so'nggi 5 yil ichida O'zbekistonda masofaviy zondlash ma'lumotlariga bo'lgan talab 3 baravar oshgani, hozirda kosmik monitoring bilan 10 dan ortiq davlat idoralari va barcha hokimiyatlar ishlayotgani ta'kidlandi.
– Eng muhimi, kosmik ma'lumotlar yordamida biz "ko'z bilan ko'rinmaydigan" iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlaymiz va ularni haqiqiy daromad manbaiga aylantiramiz. Bu davlat resurslarini boshqarish mexanizmi va madaniyatining o'zgarishidan dalolat beradi, – dedi prezident.
Shu bilan birga, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim – sun'iy yo'ldoshlarni boshqarish, ma'lumotlarni qayta ishlash va ularni amaliy qo'llash infratuzilmasini shakllantirish muhimligi ta'kidlandi. Buning maqsadi – suveren va obyektiv ma'lumot manbaiga ega bo'lishdir.
Xorijiy mamlakatlar tajribasi o'rganilgan va sun'iy yo'ldoshning aniqlik va foydali yuk talablari belgilanganligi qayd etildi.
Taqdimot davomida ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sun'iy yo'ldosh yaratish loyihasi ham ko'rib chiqildi. Loyiha doirasida mutaxassislar tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda "Mirzo Ulug'bek" nomli 6U formatidagi ilmiy sun'iy yo'ldoshni uchirish taklif qilindi.
Taqdimot yakunida Shavkat Mirziyoyev sun'iy yo'ldosh loyihalari bo'yicha hisob-kitoblar va amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish uchun mas'ul shaxslarga tegishli ko'rsatmalar berdi.
Source: kun.uz