Prezident Shavkat Mirziyoyev birinchi o‘zbek kosmonavtini tayyorlashning dastlabki qadamlari haqidagi taqdimot bilan tanishdi. Kosmonavtni 10–14 kunlik parvozga tayyorlash va missiyani amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlikni ishlab chiqish taklif qilindi.
Foto: Fotodom.ru
Taqdimotda ta’kidlanganidek, davlat rahbarining tashabbusi bilan birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni kosmosga jo‘natish strategik vazifa sifatida belgilandi.
«Bu nafaqat ramziy qadam, balki mamlakatimizning ilmiy salohiyati, yoshlarning orzusi va milliy g‘ururining ifodasidir», — deb ta’kidladi prezident.
Missiya aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lishi kerakligi aytildi. Loyiha mamlakatning xalqaro obro‘sini oshirishi, fan rivojiga turtki bo‘lishi, yangi texnologik tashabbuslarni rag‘batlantirishi va yoshlarning yuqori texnologiyalar sohasiga qiziqishini kuchaytirishi kutilmoqda.
Kosmonavtning kosmosda bo‘lgan vaqtida o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan tadqiqot yo‘nalishlari quyidagilar taklif qilindi:
— tibbiyot va biologiya (masofaviy diagnostika, mahalliy dorivor ekstraktlarning samaradorligini o‘rganish);
— o‘simliklar genetika (qurg‘oqchilikka va sho‘rlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq agrobiosistemalarni modellashtirish);
— materialshunoslik (issiqlikni to‘plash va boshqarish uchun materiallarni sinash, to‘qimalar va tolalarni test qilish).
Shuningdek, 2028 yilda Samarqandda xalqaro kosmik kongress o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi. Qatnashishga AQSH, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari qiziqish bildirdi. Mas’ullarga tadbirni yuqori darajada tayyorlashni ta’minlash topshirildi.
Yakunida prezident milliy kosmonavtni tayyorlash bo‘yicha hisob-kitoblar va amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berdi.
Source: kun.uz