Prezident Shavkat Mirziyoyev kosmosga sunʼiy yoʻldosh uchirish boʻyicha dastlabki ishlar taqdimotini koʻrib chiqdi. Taqdimot davomida ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sunʼiy yoʻldosh yaratish loyihasi ham muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda soʻnggi 5 yil ichida Oʻzbekistonda masofadan zondlash maʼlumotlariga talab 3 baravar oshgani, hozirda kosmik monitoring bilan 10 dan ortiq davlat idoralari va barcha hokimiyatlar ishlayotgani taʼkidlandi.

– Eng muhimi, kosmik maʼlumotlar yordamida biz "koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan" iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlaymiz va ularni haqiqiy daromad manbaiga aylantiramiz. Bu davlat resurslarini boshqarish mexanizmi va madaniyatining oʻzgarishidan dalolat beradi, – dedi prezident.

Shu bilan birga, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim – sunʼiy yoʻldoshlarni boshqarish, maʼlumotlarni qayta ishlash va ularni amaliy qoʻllash infratuzilmasini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi. Buning maqsadi – suveren va obyektiv maʼlumot manbaiga ega boʻlishdir.

Xorijiy mamlakatlar tajribasi oʻrganilgan va sunʼiy yoʻldoshning aniqlik va foydali yuk talablari belgilanganligi qayd etildi.

Taqdimot davomida ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sunʼiy yoʻldosh yaratish loyihasi ham koʻrib chiqildi. Loyiha doirasida mutaxassislar tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda «Mirzo Ulug‘bek» nomli 6U formatidagi ilmiy sunʼiy yoʻldoshni uchirish taklif qilindi.

Taqdimot yakunida Shavkat Mirziyoyev sunʼiy yoʻldosh loyihalari boʻyicha hisob-kitoblar va amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish uchun masʼul shaxslarga tegishli koʻrsatmalar berdi.

Source: kun.uz