Ota-onasi Tatyana Malinina va Roman Skornyakov O‘zbekiston sharafini (1992-2002-yillarda) himoya qilgan Ilya Malinin figurali uchish bo‘yicha Olimpiadaning asosiy favoriti bo‘ldi. Jahon ommaviy axborot vositalari 21 yoshli amerikalikni “fizika qonunlarini buzayotgan” figurist deb atadi.
Tatyana Malinina SSSR davrida ittifoq miqyosidagi, ittifoq parchalangach esa Rossiya miqyosidagi turnirlarda ishtirok etgan. 1993-yildan boshlab O‘zbekiston sharafini himoya qila boshlagan. U o‘n karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. 2000-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvoni bilan taqdirlangan. Ikki bor Qishki Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan.
Roman Skornyakov 1996-yilgacha Rossiya bayrog‘i ostida, 1997-2002-yillarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida xalqaro musobaqalarda ishtirok etgan. 1998-yilgi va 2002-yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etgan.
Tatyana Malinina va Roman Skornyakov O‘zbekistonda mashg‘ulotlar uchun fundamental shart-sharoitlar yetishmasligi sababli musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida dastlab Rossiyaga, keyinroq AQShga ko‘chib o‘tgan. 2002-yilda professional karerasiga yakun yasagach, juftlik AQShda yashab qolgan. Hozirda juftlik farzandi — yosh figurist Ilya Malininga murabbiylik qiladi.
Ilya Malinin bir necha yildan beri figurali uchish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida yakkalik bahslarning asosiy yulduzi sanaladi. Qishki Olimpiadada u ikki karra jahon chempioni maqomida ishtirok etdi va jamoaviy musobaqada oltin medal sohibiga aylandi.
Sportchi AQShda tug‘ilib o‘sgan, rus va ingliz tillarida erkin so‘zlashadi hamda AQSh terma jamoasi sharafini himoya qiladi.
Hozirda Malinin erkaklar orasida figurali uchish tarixidagi eng mohir sakrovchi: u oltita to‘rt aylanishli sakrashlarning barchasini, shu jumladan, to‘rt aylanishli akselni o‘zlashtirgan. U to‘rt aylanishli akselni nafaqat mashg‘ulotlarda, balki musobaqalarda ham toza bajarishga erishgan birinchi va hozircha yagona sportchidir. Bu sakrashlarning eng murakkab turi bo‘lib, unda to‘rt emas, to‘rt yarim marta aylanish talab etiladi.
Bir necha yil oldin to‘rt aylanishli aksel mutaxassislar uchun go‘yoki imkonsiz narsa edi. The New York Times gazetasining yozishicha, Malinin yerga qo‘nish paytida o‘z tanasi og‘irligidan 8-10 baravar ko‘proq yukni his qiladi (va bu yuk to‘laligicha bir oyog‘iga tushadi). Malinin, shuningdek, dunyoda birinchi bo‘lib bir dasturning o‘zida yettita to‘rt aylanishli sakrashni amalga oshirgan.
Malinin bir necha yil davomida go‘yoki dasturlarining yetarli darajada tomoshabop emasligi va artistlik mahoratining yetishmasligi uchun tanqid qilingan. Lekin endi, aftidan, hech kimda e’tiroz yo‘q: bir necha mavsumdan beri Ilya Malinin o‘z chiqishlariga orqaga salto, jumladan, bir tig‘da qo‘nishni ham kiritib kelmoqda.
Milanda Malinin ikki marta salto ijro etdi — u bu harakatni Olimpiya muzida qonuniy tarzda ijro etgan ilk sportchi va Olimpiya o‘yinlari tarixida bunday akrobatik usulni bajargan uchinchi figurist bo‘ldi: ilgari bu harakat xavfli bo‘lgani uchun taqiqlangan edi. 2024-yildan boshlab esa saltoga faqat tomoshaboplik uchun ruxsat berildi, ya’ni bu element alohida ball olib kelmaydi.
Malinin Olimpiadaga tayyorlab kelgan erkin dasturini o‘zining ovozi yozilgan musiqa ostida ijro etadi. The Atlantic nashrining yozishicha, figurist tilidan “bir qator balandparvoz iboralar” yangraydi, masalan: “Yorug‘lik yetib bormagan, hali hech bir yo‘l ochilmagan joydan boshlang”. Nashrning ta’kidlashicha, “ba’zan uning so‘zlari talabalarniki kabi sodda tuyilishi mumkin”, — lekin Ilya rostdan ham talaba. U Jorj Meyson universitetida ikkinchi kursda o‘qiydi.
Hozirda Ilya ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini faol yuritadi (u yerda o‘zini QuadGod, ya’ni “to‘rt aylanishli sakrashlar xudosi” deb ataydi).
Source: www.gazeta.uz