Farg'ona shahridagi bolalar bog'chalariga oziq-ovqat yetkazib bergan Garden Catering Trade kompaniyasining asoschisi o'zgardi. Korxona reestri ma'lumotlariga ko'ra, 25-fevral holatiga asosan kompaniya asoschisi Muyidinjon G'ofurov hisoblanadi, 23-fevralda esa Ikboljon Bozorov edi.
Eslatib o'tamiz, 21-fevral kuni Farg'ona shahridagi 2-, 58- va 61-raqamli davlat bolalar bog'chalarida 62 nafar bola "o'tkir diareya" tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan edi. Bolalarda qorin og'rig'i, ich ketishi, harorat ko'tarilishi va ko'ngil aynishi kuzatilgan.
Bu holat bo'yicha Jinoyat kodeksining 257¹-moddasi (Sanitariya qonunchiligi yoki epidemiya bilan kurash qoidalarini buzish) bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atilgan.
Keyinchalik ma'lum bo'lishicha, Farg'ona viloyati hokimligi Garden Catering Trade kompaniyasini davlat xaridlari to'g'risidagi qonun talablarini buzgan holda tanlagan. O'zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi ma'lumotlariga ko'ra, agentlikning ogohlantirishiga e'tibor berilmagan va kompaniyaga imtiyoz berilgan.
Dastlab "Garden Catering Trade" Ikboljon Bozorov va Yildirim Ademning teng ulushlari bilan qo'shma korxona sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik kompaniya qo'shma korxona maqomini yo'qotgan va 25-fevralgacha 100% ulush Bozorovga tegishli bo'lgan.
Source: kun.uz