Xorazm viloyatida Urganch–Xiva oralig‘ida 35 km uzunlikdagi to‘rt polosali pulli yo‘l qurilishi boshlandi. Loyiha qiymati 120 million dollarni tashkil etadi. Buyurtmachi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi hisoblanadi.
Pudratchi sifatida qo‘mita tarkibidagi kompaniyalar, jumladan, Navoiy viloyati yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi ishtirok etmoqda. Moliyalashtirish tashqi investor va O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda, biroq investor nomi va ulushlar ochiqlanmagan.
Tender o‘tkazilmagan, tariflar va transport oqimi haqida ma’lumot berilmagan. Qurilish loyihalash bilan parallel ravishda olib borilmoqda, bu esa xarajatlarning oshishiga olib kelishi mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi loyiha bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib borayotganini ma’lum qildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, buyurtmachi, ijrochi va yetkazib beruvchi vazifalarining ajratilmaganligi manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz