Farg‘ona shahridagi 66-sonli davlat bog‘chasida 6 yoshli bola yuqori kuchlanishli transformator punktiga yiqilib, tok urgani yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Qayd etilishicha, shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani ofisining ma’lum qilishicha, 18-fevral kuni maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchi 6 yoshli A.R. muassasa hududidagi transfarmatorlar o‘rnatilgan maxsus yerto‘laning ustki darchasidan yiqilib, tok urishi oqibatida tan jarohati olgan va shifoxonaga olib kelingan.
Uning olgan jarohati yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi ham tayinlangan.
Kun.uz nashrining yozishicha, bog‘cha qurib foydalanishga topshirilganiga 2 yil bo‘lishiga qaramay, inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan yerto‘la atrofi maxsus to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Yerto‘la eshigi esa oddiy sellofan paket bilan yopib qo‘yilgan.
“A. o‘ynab borib ustiga sellofan tashlangan yerto‘la tuynugiga qadam qo‘yishi bilan, ichkariga tushib ketgan. Baxtsiz hodisadan keyingina xavfli hudud atrofi darhol maxsus panjaralar bilan to‘silgan”, deyiladi xabarda.
“Nevaramning qo‘llari kuyib ketgan, yelkalarini, orqalari kuygan, dumbalari, asosiy tana a‘zolari ham kuygan. Qanday qilib mana shunday katta kuchlanish tokning oldida bolalarni bee‘tibor qoldirishlari mumkin?” deydi bolaning buvisi.
Source: www.gazeta.uz