Prezident Shavkat Mirziyoyev Termizda tashkil etilgan etnoshaharchaga tashrif buyurdi. Loyiha Surxondaryo viloyatining tarixi, an'anaviy hunarmandchiligi va san'atini namoyish qilish uchun zamonaviy infratuzilmaga ega madaniy-dam olish maskani sifatida amalga oshirildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Majmua 10 million dollarlik investitsiyalar hisobiga qurilgan. Olti gektar maydonda tarixiy uslubda binalar, oilaviy mehmonxona, dombira ustaxonasi, baxshi san'ati ekspozitsiyasi, milliy oshxona restorani, bolalar o‘yin maydonchasi va musiqiy favvoralar barpo etilgan.
Shaharcha yiliga 180 ming sayyohni qabul qila oladi, bu yerda 250 kishi uchun doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Mehmonlar hunarmandlar mahsulotlarini sotib olish bilan birga, ularning tayyorlanish jarayonini kuzatishlari mumkin.
Prezident turistik majmuada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, hunarmandlar bilan suhbatlashdi va tashrif buyuruvchilar uchun tayyorlangan badiiy dasturni tomosha qildi.
Source: kun.uz