Surxondaryo viloyatida amalga oshirilgan loyihalarni ishga tushirish va yangi ob'ektlar qurilishini boshlash marosimi bo'lib o'tdi. Jami 44 ta loyiha 7,1 mlrd dollarga baholanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, davlat rahbari ramziy tugmani bosish orqali yangi ob'ektlar qurilishini boshladi va tog'-kon va geologiya, yengil, mebel va oziq-ovqat sanoati, shuningdek xizmatlar va turizm sohalaridagi loyihalarni ishga tushirdi.
Xususan, mahalliy va xorijiy investorlar (Xitoy, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Rossiya va Tojikiston) ishtirokida 741 mln dollarlik 13 ta loyiha ishga tushirildi.
Bundan tashqari, Avstriya, Germaniya, Niderlandiya, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va Afg'oniston bilan hamkorlikda 6,3 mlrd dollarlik 31 ta loyiha qurilishi boshlandi.
Ushbu tashabbuslarni amalga oshirish 18 ming yangi ish o'rinlari yaratish, 82 trln so'm sanoat mahsuloti ishlab chiqarish va 1,4 mlrd dollarlik tovarlar eksportini ta'minlash imkonini beradi.
2025 yilda viloyatning yalpi mahsuloti hajmi 63,7 trln so'mga yetdi. Yirik sanoat korxonalari soni 30 taga, kichik korxonalar soni 4820 taga oshdi. Mintaqaga 2,1 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Mahsulot va xizmatlar 37 mamlakatga 483 mln dollarga eksport qilindi.
Source: kun.uz