Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston yirik infratuzilma va energetika loyihalaridagi xatarlarni kamaytirish usullaridan biri sifatida mintaqaviy hamkorlikka tayanmoqda. Bu haqda 5-may kuni Samarqandda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) yig‘ilishi doirasidagi panel sessiyasida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ma’lum qildi.

“Mintaqamiz geografik jihatdan Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh. Bu esa O‘zbekiston tabiiy ravishda mintaqaviy loyihalarning muvofiqlashtiruvchisi yoki katalizatori bo‘lishi kerakligini anglatadi”, — dedi Jamshid Xodjayev.

O‘sha sessiyada OTB prezidenti Masato Kanda grantlar, xususiy sektorni rag‘batlantirish va energetika sohasiga investitsiyalarni oshirish uchun aralash moliyalashtirish mexanizmlari orqali xatarlarni kamaytirish haqida gapirdi.

Xodjayevning ta’kidlashicha, prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin loyihalardagi xatarlarni kamaytirishga yondashuv o‘zgargan. Xususan, mintaqaviy hamkorlikning o‘zi xatarlarni pasaytirish vositasi bo‘lishi mumkin.

“Men biroz boshqacha misol keltirmoqchiman. Aslida bu ham xatarlarni kamaytirish hisoblanadi va bu yerda OTB ham o‘z rolini o‘ynayapti. Gap yirik gidroenergetika loyihasi — masalan, Qirg‘izistondagi quvvati 1 GVtdan ortiq bo‘lgan katta loyiha haqida ketmoqda. Biz uni Qambarota GES-1 loyihasi deb ataymiz. Hozirgi baholashga ko‘ra, uning qiymati taxminan 1 milliard dollarni tashkil etadi”, — dedi u.

Qambarota GES — Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi Norin daryosida qurilayotgan eng yirik energetika loyihasi hisoblanadi. Loyihadagi GESning quvvati 1860 MVtni tashkil etadi. Suv omborining hajmi 5,4 milliard kub metr, to‘g‘onining balandligi esa 256 metr bo‘ladi. Stansiya yiliga o‘rtacha 5,6 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda. GES qurilishi 10 yil davom etishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov loyiha qiymatini 4,2 milliard dollarga baholagandi.

Xodjayev bunday loyihani faqat bitta davlat kuchi bilan amalga oshirish qiyinligini, chunki uning ko‘lami va xatarlari juda katta ekanini ta’kidladi.

“Bu loyihani amalda faqat bir davlatning o‘zi amalga oshira olmaydi. Chunki uning ko‘lami juda katta va bu holatda barcha xatarlar bitta hukumat zimmasiga tushadi. Agar bir davlat shunday yirik loyihani yolg‘iz amalga oshirsa, loyiha miqyosi hisobga olinganda, bu juda katta yuklamaga aylanadi”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihaga Qozog‘iston va O‘zbekiston ham qo‘shilgan bo‘lib, O‘zbekiston uni ilgari surish tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan. Mamlakatlar loyihani moliyalashtirish uchun turli xalqaro moliya institutlari bilan ishlamoqda.

“O‘zbekiston ushbu loyiha doirasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasining xaridorlaridan biri sifatida ham ishtirok etmoqda. Bu biz xatarlarni taqsimlayapmiz, shu orqali ularni kamaytiryapmiz va loyihani banklar uchun jozibador qilyapmiz degani”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Moderatorning bu mintaqaviy hamkorlik banklar uchun xatarlarni kamaytirishning yana bir usuli ekanini anglatadimi, degan savoliga Xodjayev: “Mutlaqo to‘g‘ri”, — deb javob berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yondashuv faqat alohida generatsiya obyektlariga emas, balki infratuzilmani modernizatsiya qilish loyihalariga ham qo‘llanilmoqda.

“Gap faqat bir mamlakat uchun emas, butun mintaqa uchun ishlaydigan mintaqaviy loyihalar haqida ketmoqda. Bu biz mintaqamizda amalga oshirayotgan qiziq yondashuvlardan biridir. Xuddi shu holat infratuzilmamizni modernizatsiya qilishga ham tegishli. Buni ham mintaqaviy loyiha deb atash mumkin, chunki gap energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish haqida ketyapti”, — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosari mintaqa davlatlari o‘zaro bog‘liqroq elektr energetika tizimini yaratish ustida ishlayotganini ham ta’kidladi.

“Men avval ham aytgandimki, biz yagona umumiy elektr tarmog‘ini yaratishga intilyapmiz. Hozir qo‘shni davlatlar bilan birgalikda raqamlashtirish ustida ishlayapmiz, chunki elektr energiyasini aynan shu yo‘l bilan muvozanatlash mumkin. Biz bir-birimiz bilan o‘zaro bog‘langanmiz: yuqorida aytganimdek, biz bir-birimizga elektr energiyasini sotamiz, eksport qilamiz va import qilamiz”, — dedi Jamshid Xodjayev.

Bu yirikroq bozorni shakllantirib, uni investorlar uchun jozibadorroq qiladimi, degan savolga u yana: “Mutlaqo to‘g‘ri”, — deb javob berdi.

Xodjayev xatarlarni kamaytirishning yana bir misoli sifatida Markaziy Osiyodan “yashil” energiyani Gruziya va Ozarbayjon orqali Yevropaga eksport qilish loyihasini keltirdi.

“Pirovardida, mintaqamizda ishlab chiqarilgan „yashil“ energiyani Yevropaga sotish uchun butun zanjir bo‘ylab xatarlarni kamaytirish zarur”, — dedi hukumat vakili.

Ushbu sessiyada Xodjayev bir necha yil avval elektr energiyasi import qilgan O‘zbekiston hozir Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berayotganini aytib, eksport hajmlarini ham ochiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat “ishonchli ishlab chiqaruvchi”, tranzit koridori va mintaqaviy energiya tizimlari integratoriga aylanmoqda.

Source: www.gazeta.uz