Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston bank tizimida muammoli kreditlar tavakkalchilik, eskirgan kreditlash modeli, korporativ kreditlarning yuqori konsentratsiyasi va boshqa omillar ta’sirida yuzaga kelmoqda. Ayni paytda ularning umumiy kredit portfelidagi ulushi (3 foiz) nisbatan past darajada. Bu haqda regulyator rahbari Timur Ishmetov 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida ma’lum qildi.

Senator Nusratulla Pardayev muammoli kreditlar masalasiga e’tibor qaratib, bugungi kun holatiga ularning umumiy hajmi 22 trln so‘mni tashkil etayotganini ta’kidladi. “Banklar ushbu muammoli aktivlar bo‘yicha zaxiralar shakllantirishi lozim. Bu esa iqtisodiyotga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan moliyaviy resurslarning bank tizimida muzlab qolishiga sabab bo‘lyapti”, — dedi u.

Senator Timur Ishmetovdan MB muammoli kreditlar darajasini moliyaviy barqarorlik nuqtai nazaridan qanday baholashi hamda ularning banklarning kreditlash yoki iqtisodiyotni moliyalashtirish imkoniyatlariga salbiy ta’siri bor yoki yo‘qligi bilan qiziqdi. Shuningdek, regulyator muammoli kreditlar hajmini qisqartirish bo‘yicha qanday amaliy ishlar olib borayotgani haqida so‘radi.

Timur Ishmetov savolga javob berar ekan, muammoli kreditlar har qanday bank tizimi uchun tabiiy holat ekanini, bu borada asosiy e’tibor ularni xavfsiz chegarada ushlab turishga qaratilishi kerakligini ta’kidladi. “Muammoli kreditlar — bank tizimi uchun tabiiy holat. Asosiy vazifa — ularning darajasini boshqariladigan va xavfsiz chegarada saqlab qolish. Bu hech qachon yo‘q bo‘lmaydi: muammoli kreditlar doim undirilib kelinadi banklar tomonidan, lekin baribir yangi muammoli kreditlar paydo bo‘ladi”, — dedi u.

Regulyator rahbarining tushuntirishicha, bunga asosiy sabab — har qanday kreditlash faoliyatining tavakkalchilikka asoslanganidir. Masalan, tadbirkorlik faoliyatini kreditlashni olib qaralsa, tadbirkorlikning o‘zi ham muayyan darajada tavakkalchilikka asoslanadi. Tadbirkor qat’iy biznes reja asosida ishlashga qanchalik urinmasin, uning o‘ziga bog‘liq bo‘lgan va bog‘liq bo‘lmagan omillar ta’sirida ishlar har doim ham rejadagidek ketmasligi mumkin. Ana shunday holatlar ortidan muammoli kreditlar yuzaga keladi.

“Shuning uchun bu (muammoli kreditlar — tahr.) azaldan tadbirkorlikda, bank va tadbirkorlar orasidagi munosabatlarda doim uchrab turadigan tabiiy hodisa. Bizning vazifamiz, aytib o‘tganimdek, risklarini oldindan baholab, ularni past darajada saqlab qolish”, — dedi Timur Ishmetov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kundagi muammoli kreditlar darajasini absolyut raqamda emas, umumiy kredit portfeliga nisbatan ulush sifatida baholash maqsadga muvofiq. “Bizdagi darajani absolut raqamda emas, umumiy portfelga nisbatan ulush sifatida qaraydigan bo‘lsak, 3 foiz atrofida saqlanib qolishi — nisbatan past hisoblanadi”, — deya ta’kidladi u.

MB raisi muammoli kreditlarga tavakkalchilikdan tashqari tizimning o‘zidagi ayrim kamchiliklar ham sabab bo‘lishini tan oldi. “Shu bilan birga, bank tizimining o‘zida ayrim kamchiliklar ham bor. Buni tan olishimiz kerak. Bizda eskirgan kreditlash modeli saqlanib qolishi, qaysidir ma’noda, banklarning xatarlarni boshqarish mexanizmlari nuqtai nazaridan samardorlik darajasiga ham savollar bor deb aytsak, tan olsak adolatdan bo‘ladi”, — dedi Timur Ishmetov.

Shu bilan birga, uning qayd etishicha, ayrim banklarda yirik korporativ kreditlarning konsentratsiyasi yuqoriligi, iqtisodiyatning ayrim tarmoqlarida mavjud muayyan zaifliklar va boshqa bir qator omillar muammoli kreditlarning darajasiga ta’sir ko‘rsatadi.

“Yana bir marta aytaman: bizda muammoli kreditlarning darajasi kreditlash faoliyatini cheklaydigan yoki tahdid yaratadigan darajada emas. Umuman bank tizimida kapital va likvidlik darajalari yetarli zaxiralarga ega hamda sof muammoli kreditlarning 80 foizi zaxiralar bilan qoplangan”, — deya ta’kidladi MB raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yildan boshlab regulyator xalqaro ekspertlar bilan birga bank tizimida xatarlarni boshqarish, ichki audit tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha 2−3 yilga mo‘ljallangan dasturni ishga tushirgan. Dastur banklarga uslubiy ko‘rsatmalar berish, xodimlarini qayta o‘qitish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Qolaversa, muammoli aktivlar bilan ishlash bo‘yicha MBning o‘zida ham alohida bo‘linma tashkil etilgan, deya ma’lum qildi regulyator rahbari. Bo‘linma faoliyati nafaqat yuzaga kelgan muammoli kreditlar bilan ishlash, balki qaysi tarmoq va sohalardagi zaifliklar muammoli kreditlar darajasiga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatishi masalalarini o‘rganishga qaratilgan. Shu bilan birga, regulyator yirik qarzdorlar faoliyatini tahlil qilib, muammoli kreditlar yuzaga kelish ehtimoli nuqtai nazaridan banklarga oldindan tegishli signallar berish tizimini yo‘lga qo‘ygan.

Timur Ishmetov, shuningdek, imtiyozli kreditlarga ham to‘xtalib, ularning umumiy kredit portfelidagi ulushini kamaytirib borish masalasi ham ko‘rib chiqilayotganini bildirdi. “Bundan tashqari, imtiyozli kreditlar. O‘tgan besh-olti yilda imtiyozli kreditlarning kredit portfelidagi ulushini kamaytirib borgan bo‘lsak, keyingi yillarda ham bosqichma-bosqich kamaytirib borish orqali banklarning aktivlari sifatiga ijobiy turtki berish masalasini ham ko‘rib chiqyapmiz”, — deya xulosa qildi Timur Ishmetov.

MB rahbarining so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy xatarlarni oldindan aniqlash va muammoli aktivlar bilan tizimli ishlashga 2025-yilda regulyatorning diqqat markazida bo‘lgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, muammoli kreditlarning umumiy kredit portfelidagi ulushi 2024-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 1 foiz bandga — 3 foizgacha kamaygan. Hozirda bank tizimidagi kreditlarning 85 foizi standart toifasiga kiritilgan. “Umuman olganda, 2025-yil aktivlar sifatini nazorat qilishda oddiy monitoringdan faol boshqaruv yondashuviga o‘tish davri bo‘ldi”, — dedi Timur Ishmetov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kredit to‘lovlarini kechiktirishning tizimli sabablarini bartaraf etish maqsadida muammoli kreditlar bilan ishlash bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzilgan. Mazkur guruh muammoli kreditlar holatini hududlar, tarmoqlar va yirik qarz oluvchilar kesimida chuqur tahlil qilib boradi. “Asosiy maqsadimiz — muammol kreditlar ulishini past darajada saqlab qolish bilan bir qatorda qarz oluvchilarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy qiyinchiliklarni erta bosqichda aniqlash mexanizmlarini joriy etish”, — deya ta’kidladi MB raisi.

Source: www.gazeta.uz