Uzbelas Performance avtoservis xodimi Asadbek Jumayevga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik ishi kassatsiya tartibida ko'rib chiqildi. Birinchi instansiya sudining jarimaga hukm qilish to'g'risidagi qarori bekor qilindi. Toshkent shahar sudining qaroriga ko'ra, Jumayev 10 kunlik ma'muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.
O'z ishtiroki bilan faxrlanib, DAI talablariga bo'ysunmagan ikkita BMW bilan bog'liq voqeadagi videoni tarqatgani uchun "kichik jarima" bilan qutulganini maqtanib aytgan Asadbek Jumayev ma'muriy qamoqqa hukm qilindi. Buni Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ma'lum qildi.
Mirzo-Ulug'bek tumani prokuraturasi yanvar oyida chiqarilgan Asadbek Jumayevga nisbatan sud qaroriga kassatsiya shikoyati bilan murojaat qildi. Ushbu qarorga ko'ra, Jumayev 20 BJR (8 million 420 ming so'm) miqdorida jarimaga tortilgan edi.
Bugun, 27 fevral kuni, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo'yicha sud kengashi Asadbek Jumayevga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik ishini kassatsiya tartibida ko'rib chiqdi va birinchi instansiya sudining jarimaga hukm qilish to'g'risidagi qarorini bekor qildi.
Toshkent shahar sudining qaroriga muvofiq, Asadbek Jumayevga Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 195-2-moddasi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining ularning obro'siga putur yetkazadigan tarzda buzilgan foto va (yoki) video tasvirlarini tarqatish) bo'yicha 10 kunlik ma'muriy qamoq jazosi belgilandi.
Ilgari DAIdan qochgan BMWlar ishi bo'yicha sud qaroriga prokuratura tomonidan shikoyat qilingani haqida xabar berilgan edi.
Source: kun.uz