Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Boku shahriga amaliy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muzokaralar davomida ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Suhbat avvalida Oʻzbekiston rahbari Ozarboyjon yetakchisini Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashga raisligi muvaffaqiyatli kechayotgani hamda uning yettinchi sammiti yuqori saviyada tashkil etilgani bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, joriy yilning avgust oyida Ozarboyjon prezidentining Toshkentga amalga oshirgan davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish mexanizmlari muhokama markazida boʻldi.

Tomonlar barcha darajalarda yoʻlga qoʻyilgan samarali aloqalarni mamnuniyat bilan qayd etdilar. Xususan, joriy yil boshidan buyon oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oʻsgani ijobiy baholandi. Geologiya, energetika, qurilish, transport, logistika, yengil sanoat va turizm kabi ustuvor sohalardagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirgani e'tirof etildi.

Shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari izchil amalga oshirilayotgani ta'kidlandi. Uchrashuv yakunida ikki mamlakat yetakchilari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, boʻlajak qoʻshma tadbirlar jadvalini kelishib oldilar.

Source: kun.uz