Taniqli rossiyalik reper Navai (haqiqiy ismi — Navai Bakirov) Qozog‘istonda giyohvand moddalar kontrabandasida gumonlanib hibsga olindi. Hodisa 13-oktyabr kuni Qirg‘iziston va Qozog‘iston chegarasidagi “Qorday” nazorat-o‘tkazish punktida sodir bo‘ldi. Qozog‘iston politsiyasi va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruv vaqtida xorij fuqarosi boshqaruvidagi avtomobildan taqiqlangan moddalar aniqlanib, musodara qilingan.
Mahalliy jurnalistlarning ma’lum qilishicha, transport vositasidagi giyohvand moddalarni Atlas laqabli xizmat iti aniqlagan. Navai boshqaruvida bo‘lgan avtomashinaning haydovchi o‘rindig‘i cho‘ntagidan 2,5 gramm marixuana topilgan. Shuningdek, mashina ichida maxsus maydalagich (grinder) hamda o‘rama qog‘ozlar bo‘lgan sumka ham ashyoviy dalil sifatida olingan. Ushbu holat yuzasidan kontrabanda va o‘tkazish maqsadisiz giyohvandlik vositalarini noqonuniy tashish moddalari bo‘yicha jinoiy ish ochilib, tergovga qadar tekshiruv boshlangan.
Dastlab mashinada bo‘lgan yana ikki nafar hamroh ham qo‘lga olingan edi, biroq keyinchalik ular qo‘yib yuborilgan. Xonandaning o‘zi esa vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirildi. Mazkur mojaro ortidan Navayining 14-oktyabr kuni Ostonadagi Jaqsiqilq Ushkempirov nomidagi Yakkakurashlar saroyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konserti noma’lum muddatga qoldirildi. Tashkilotchilar konsert bekor qilinganini bildirib, muxlislarga chipta pullari qaytarilishini e’lon qildi.
Xonandaning onasi Aynur Bakirova o‘g‘lining noqonuniy ishlarga aloqasi yo‘qligini aytib, unga nisbatan fitna uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat tez orada oydinlashib, reper jarima to‘lash orqali ozodlikka chiqishi kutilmoqda. Shu bilan birga, san’atkorning direktori mazkur vaziyat yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
Source: podrobno.uz