Los Anjelesdagi hakamlar hay’ati sudi Meta (Instagram, Facebook va WhatsApp egalari) va YouTube (Google’ga tegishli) kompaniyalarini o‘z mahsulotlaridagi qaramlik keltirib chiqaruvchi funksiyalar orqali yosh foydalanuvchining ruhiy salomatligiga zarar yetkazganlikda aybdor deb topdi. Bu qaror ijtimoiy tarmoqlarga qarshi foydalanuvchilarning farovonligi bilan bog‘liq yangi da’volar to‘lqiniga sabab bo‘lishi mumkin, deb xabar beradi New York Times gazetasi.
20 yoshli Keyli (ish materiallarida K.G.M.) ismli da’vogarga yetkazilgan zararni qoplash uchun Meta 4,2 million dollar, YouTube esa 1,8 million dollar to‘lashi kerak. Keyli 2023-yilda Meta, Snap, YouTube va TikTok ustidan da’vo arizasi bilan murojaat qilgan edi, TikTok va Snap esa fevral oyida boshlangan sud jarayoniga qadar da’vogar bilan nizoni hal qilib olgan.
Keyli o‘z da’vo arizasida platformalarning cheksiz skrolling va algoritmik tavsiyalar kabi funksiyalari unda xavotir, depressiya, dismorfofobiya va o‘ziga shikast yetkazish haqidagi o‘y-xayollarni keltirib chiqarganini ta’kidlagan. U ijtimoiy tarmoqlardan 6 yoshidan foydalanishni boshlagan va Instagram’da byuti-filtrlar yordamida yuzlab suratlar joylashtirib, soatlab vaqt o‘tkazgan.
Besh haftalik sud jarayoni davomida Keylining advokatlari Meta bosh ijrochi direktori Mark Sukerberg va Instagram rahbari Adam Mosserini so‘roq qildi, ikkalasi ham Instagram’ni “klinik jihatdan” qaramlik keltirib chiqaradigan deb hisoblash mumkinligi haqidagi ayblovlarni rad etdi. Meta Keylining ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolar uydagi zo‘ravonlik va oiladagi kelishmovchiliklar tufayli kelib chiqqanini da’vo qildi, YouTube esa o‘zini ijtimoiy tarmoq emasligini va funksiyalari qaramlik keltirib chiqarish uchun mo‘ljallanmaganini ta’kidladi.
Da’vogar advokatlari Jozef VanZandt va Mark Lane hakamlar hay’ati rahbarlarning ko‘rsatmalarini tinglaganini va ichki hujjatlar bilan tanishganini aytib, bu kompaniyalar ongli ravishda foydani bolalar manfaatlaridan ustun qo‘yganligini isbotlaydi, deb ta’kidladilar. Lane qaramlik injeneriyasi haqida gapirib, bu funksiyalar Troya otlariga o‘xshatdi.
Meta va Google hukmga rozi emasliklarini va apellyatsiya berish niyatida ekanini bildirdi. Kompensatsiya miqdori katta kompaniyalar uchun kichik bo‘lsa-da, yuristlar va ota-onalar bu qarorni ijtimoiy tarmoqlar ta’sirini cheklashdagi muhim qadam deb baholadi. Bu hukm Nyu Meksiko shtati sudining Meta’ga 375 million dollar to‘lash majburiyatini yuklagan qaroridan bir kun o‘tib e’lon qilindi, Guardian gazetasi esa buni Meta’ni voyaga yetmaganlarga ta’siri uchun javobgar deb topgan ilk qarorlardan biri deb atadi.
Source: www.gazeta.uz