AQSh prezidenti Donald Trump maʼmuriyati, Wall Street Journal gazetasining manbalarga tayanib bergan xabariga koʻra, Eron bilan urush paytida Qoʻshma Shtatlar va Isroilga yetarlicha yordam bermagan ayrim NATO aʼzolarini “jazolash” rejasini koʻrib chiqmoqda. Rejaga koʻra, AQSh operatsiyasiga faol qoʻllab-quvvatlamagan ittifoqchilardan AQSh qoʻshinlarini olib chiqib, ularni Vashington fikricha koʻproq foydasi tekkan davlatlarga joylashtirish koʻzda tutilgan. Bu taklif Trumpning AQShni NATOdan butunlay chiqarib yuborish haqidagi avvalgi tahdididan farq qiladi, chunki bunday qadam faqat Kongress roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Nashrning maʼlumotlariga koʻra, ushbu reja maʼmuriyatning yuqori lavozimli mulozimlari orasida qoʻllab-quvvatlangan, biroq hozircha ishlab chiqishning dastlabki bosqichida turibdi. Yevropada 84 mingga yaqin AQSh harbiy xizmatchilari joylashtirilgan boʻlib, mintaqadagi bazalar AQShning global harbiy amaliyotlari uchun asosiy markaz boʻlib xizmat qiladi. Sharqiy Yevropadagi bazalar, shuningdek, Rossiyaga qarshi tiyib turuvchi omil vazifasini ham bajaradi.
WSJ AQSh aynan qaysi davlatlardan harbiy kontingentni olib chiqib ketishi mumkinligini aniqlay olmadi, ammo Trumpning “koʻngli qolgan” aʼzolar qatorida Ispaniya bor. Bu davlat AQSh prezidenti talab qilganidek, YAIMning 5 foizini mudofaaga sarflash majburiyatini olmagan yagona NATO aʼzosi hisoblanadi. Shuningdek, Ispaniya Eron amaliyotida qatnashgan AQSh samolyotlari uchun oʻz havo hududini yopib qoʻygan. Trump maʼmuriyati, shuningdek, Eron bilan urushni tanqid qilgani uchun Germaniyadan ham norozi, vaholanki, bu davlat AQSh harbiylarining Yaqin Sharqdagi amaliyotlarini qoʻllab-quvvatlovchi eng yirik markazlardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, Italiya Sitsiliyadagi aviabazani AQSh bombardimonchi samolyotlariga berishdan bosh tortgan, Fransiya esa bazalardan foydalanishga faqat bir shart bilan — u yerga Eronga zarba berishda ishtirok etmaydigan samolyotlar qoʻnishi mumkinligi haqida rozilik bergan. Nashr suhbatdoshlarining soʻzlariga koʻra, qoʻshinlarni qayta joylashtirishdan tashqari, reja Yevropa davlatlaridan kamida bittasida, ehtimol, Ispaniya yoki Germaniyada AQSh bazasini yopishni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
Ushbu rejaning amalga oshirilishidan Polsha, Litva, Ruminiya va Gretsiya foyda koʻrishi mumkin, deb yozadi WSJ. Bu davlatlar NATOda mudofaa uchun eng koʻp xarajat qiladigan mamlakatlar sirasiga kiradi va ular Hurmuz boʻgʻozini qamaldan chiqarish boʻyicha xalqaro koalitsiyani qoʻllab-quvvatlashga birinchilardan boʻlib tayyor ekanini bildirgan. 6-aprel kuni Trump NATOdan “juda hafsalasi pir boʻlganini” va ularning Eron bilan urushda AQShni qoʻllab-quvvatlashni istamagani “NATO uchun hech qachon oʻchmaydigan dogʻ” ekanini aytdi.
Yevropadagi yuqori lavozimli mulozimlarning taʼkidlashicha, AQSh dastlab urush boʻyicha alyans aʼzolari bilan maslahatlashmagan, bu esa urushning dastlabki kunlarida harbiy harakatlarni muvofiqlashtirishni qiyinlashtirgan. Estoniya va Italiya mudofaa vazirlari BAA tijoriy havo hududini yopib qoʻyganidan soʻng Dubaydan chiqib keta olmagan. 8-aprel kuni Trump Oq uyda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan yopiq uchrashuv oʻtkazdi, shundan soʻng u yana bir bor alyansni tanqid qilib, “BIZGA KERAK BOʻLGANDA, NATO YONIMIZDA EMAS EDI VA AGAR ULAR BIZGA YANA KERAK BOʻLSA, YANA YONIMIZDA BOʻLMAYDI”, deb yozdi Truth Social ijtimoiy tarmogʻida.
Source: www.gazeta.uz