Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi hisobotiga ko‘ra, 2021−2025-yillarda O‘zbekistonda qariyb 5,1 milliard dollarli davlat aktivlari xususiylashtirildi. Shu munosabat bilan agentlik mamlakat reytingi bo‘yicha prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga ko‘tardi.
Agentlikning dastlabki baholashlariga ko‘ra, 2025-yilning o‘zidayoq xususiylashtirish hajmi 1,6 milliard dollarni tashkil etdi. Fitch’ning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirish jarayonlari davom etmoqda. 2025-yilda davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalar soni qisqardi.
Agentlik, shuningdek, joriy yilning may oyida Milliy investitsiya jamg‘armasining xalqaro kapital bozorlariga joylashtirilganini ham qayd etdi. Fitch’ning baholashicha, 2026-yilda energetika va gaz subsidiyalarining yanada qisqarishi kutilmoqda — bu ko‘rsatkich 2023-yildagi YAIMning taxminan 1,4 foizidan 0,3 foizgacha pasayadi.
Fitch O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 6 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. 2027−2028-yillarda esa o‘sish sur’atlari o‘rtacha 6,4 foizni, o‘rta muddatli istiqbolda esa taxminan 6,3 foizni tashkil etishi kutilyapti. Agentlikning fikricha, davom etayotgan islohotlar, xomashyo tovarlariga bo‘lgan talabning ijobiyligi va pul o‘tkazmalarining barqarorligi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga, Fitch 2026-yilgi prognozlarida Erondagi urush bilan bog‘liq noaniqliklarni ham hisobga olmoqda. Bu asosan bilvosita kanallar orqali ta’sir qiladi. O‘zbekistonning Eronga bo‘lgan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdo qaramligi minimal darajada bo‘lsa-da, mamlakat importining taxminan 8 foizi va eksportining 4 foizi Eron portlari orqali o‘tadi.
Neft va gaz narxining oshishi iqtisodiy o‘sish va inflyatsiyaga ta’sir qilishi mumkin, biroq uzoq muddatli energetika shartnomalari xatarlarning bir qismini yumshatadi. Fitch, shuningdek, O‘zbekistonning Rossiyaga sezilarli darajada qaram ekanini qayd etdi. 2025-yilda mamlakat eksportining 12,8 foizi va pul o‘tkazmalarining qariyb 70 foizi (ularning geografiyasi kengayib borayotganiga qaramay) Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2025-yilda O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi YAIMning 2,1 foizini tashkil etdi, bu belgilangan 3 foizlik chegaradan pastdir. Fitch buni daromadlarning rejadan oshirib bajarilishi, xususan, xom ashyo, birinchi navbatda oltin narxining yuqoriligi bilan bog‘laydi.
Agentlik o‘rta muddatli istiqbolda budjet taqchilligi YAIMning 3 foizi doirasida qolishini kutmoqda. Fitch prognoziga ko‘ra, davlat qarzi 2027−2028-yillarda YAIMning 32 foizidan bosqichma-bosqich taxminan 28 foizgacha pasayadi. Bu O‘zbekistonda belgilangan davlat qarzining chegaraviy darajasi (YAIMning 60 foizi) va “BB” reytingiga ega mamlakatlar uchun mediana qiymatidan (taxminan 53 foiz) sezilarli darajada pastdir.
Qarzning qariyb 80 foizi xorijiy valyutada ifodalangan va asosan imtiyozli hisoblanadi. Shu bilan birga, 2025-yilda davlat korxonalarining kafolatlanmagan tashqi qarzi YAIMning 6,2 foizini, davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha majburiyatlar esa YAIMning 4,9 foizini tashkil etdi. Jami bo‘lib, bu ko‘rsatkich YAIMning taxminan 11,1 foiziga teng.
Mamlakatda budjet va qarz boshqaruvini mustahkamlash maqsadida 2025−2030-yillarga mo‘ljallangan davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish strategiyasi amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (mamlakat suveren jamg‘armasi) aktivlari 2025-yilda YAIMning taxminan 12,4 foizini tashkil etdi (2024-yilda bu ko‘rsatkich 14 foiz bo‘lgan). Jamg‘armaning valyuta aktivlari esa 2025-yilda YAIMning taxminan 4,2 foiziga yetdi.
Agentlik, shuningdek, O‘zbekistonning xom ashyo tovarlariga bo‘lgan yuqori qaramligi saqlanib qolayotganini ta’kidlaydi, bu esa tashqi balansni shoklarga nisbatan zaiflashtiradi. 2025-yilda oltinning tovar eksportidagi ulushi 41 foizga yetdi, bunga ushbu metallning jahon bozoridagi narxining sezilarli darajada oshishi yordam berdi.
Source: www.gazeta.uz