Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kolumbiyada prezidentlik sayloviga ikki hafta qolganida, o‘ng qanot nomzodi Abelardo de la Espriellaning saylovoldi shtabi xodimlari otib o‘ldirildi. Hujum Meta departamentida sodir bo‘lgan.

De la Espriella ijtimoiy tarmoqdagi postida qurbonlar “demokratiya, erkinlik va millionlab kolumbiyaliklarning umidini himoya qilgan”ini ta’kidlab, “ularning yagona jinoyati Vatanga ishonish va zo‘ravonlikka ta’zim qilmaslik edi”, deb yozgan.

Ombudsman idorasi halok bo‘lganlarni sobiq mer Rojers Maurisio Devia Eskobar va uning maslahatchisi Eder Fabian Kardonas Lopes ekanligini tasdiqladi. Shuningdek, sobiq merlik nomzodiga qarshi yana bir hujum sodir etilgani xabar qilingan.

Ombudsmanning ogohlantirishicha, bu zo‘ravonlik 31 maydagi saylovda “siyosiy huquqlar va demokratik ishtirokni” buzishi mumkin. “Zo‘ravonlik, tahdid va qo‘rqitish jamoat muhokamasiga putur yetkazadi, siyosiy va ijtimoiy yetakchilar uchun xavfni oshiradi”, deyiladi bayonotda.

Meta uzoq vaqtdan beri isyonchi guruhlar va kokain savdosi tayanchi bo‘lib kelgan. Zo‘ravonlik va jinoyatchilikning keskin o‘sishi prezidentlik poygasining asosiy mavzusiga aylangan.

Saylovoldi poygasida yetakchi bo‘lgan so‘l senator Ivan Sepeda mamlakatning birinchi so‘l prezidenti Gustavo Petro siyosatini davom ettirishni va’da qilmoqda. De la Espriella esa Salvadorlik Nayib Bukele va argentinalik Xavyer Milei kabi populist o‘ng qanot yetakchilariga o‘xshash siyosat olib bormoqda.

So‘rovlarga ko‘ra, Sepeda 37-40 foiz, De la Espriella 20 foizdan ortiq, markaz-o‘ng senator Paloma Valensiya esa uchinchi o‘rinda bormoqda. Kamida uch nomzod o‘lim tahdidlarini olgan. O‘tgan yili Sepedaning vitse-prezidentlikka nomzodi Aida Kilkue FARCdan ajralib chiqqan isyonchi guruh tomonidan qisqa muddatga o‘g‘irlab ketilgan edi.

Source: www.aljazeera.com