Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Super Chess Classic Romania turnirining ikkinchi turida hindistonlik Rameshbabu Pragnanandhaga yutqazib qo‘ydi. Bu uning klassik shaxmatdagi 53 partiyalik mag‘lubiyatsiz seriyasini to‘xtatdi.

Sindarov Saint Louis Chess Club’ga bergan intervyusida debyutda noto‘g‘ri variant tanlaganini tan oldi: “Menimcha, kecha men noto‘g‘ri variantni tanladim. Bilasizmi, bu yo‘nalish Praggdan tashqari istalgan boshqa raqibga qarshi ish berishi mumkin edi, chunki u buni haqiqatan ham yaxshi bilar ekan.”

Uning so‘zlariga ko‘ra, sekundantlardan biri translyatsiya vaqtida sharhlovchining Pragnanandhananing tayyorgarligida bu tahlil borligi haqidagi gapini yetkazgan. “Agar u bu variantni bilsa, demak, oqlarda katta muammolar bor edi. Shuning uchun bu jiddiy xato bo‘ldi”, dedi shaxmatchi.

16-may kuni uchinchi turda Sindarov Maksim Vashe-Lagrav bilan tezkor durang qayd etdi. U fransuz grossmeysteriga qarshi omadsiz statistikasini hisobga olib, ishonchli o‘yin ko‘rsatishni maqsad qilganini aytdi: “Aslida Maksimga qarshi statistikam doim yomon bo‘lgan. Biz rapid va blitsda ko‘p o‘ynaganmiz va u meni muntazam ravishda mag‘lub etgan.”

Sindarov, shuningdek, Nomzodlar turniridagi g‘alabadan so‘ng tiklanish uchun yetarli vaqt ajratmaganini tan oldi: “Ehtimol, muammo shundaki, men bu turnirga yetarlicha jiddiy yondashmadim. O‘ylaymanki, bu mening katta xatom, chunki Nomzodlar turniridan keyin menga, ehtimol, dam olish uchun biroz ko‘proq vaqt kerak edi.”

U turnirni “yaxshi dars” deb atadi va murabbiyining maslahatiga amal qilishga va’da berdi: vazmin o‘yin ko‘rsatish va har bir partiyada haddan tashqari bosim o‘tkazmaslik. To‘rtinchi turda Sindarov oq donalarda Anish Giriga qarshi o‘ynaydi.

Super Chess Classic Romania Grand Chess Tour doirasidagi klassik turnir bo‘lib, 10 nafar ishtirokchi aylanma tizimda o‘ynaydi. Turnir 14-24 may kunlari Buxarestda bo‘lib o‘tmoqda.

Source: www.gazeta.uz