AQShning OpenAI sun’iy intellekt kompaniyasi Malta hukumati bilan shartnoma imzolaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mamlakatning barcha aholisi sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha maxsus kursni tamomlaganidan so‘ng bir yil davomida ChatGPT Plus servisidan bepul foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Dastur may oyida boshlanadi va Malta aholisi bepul kursni tugatishi bilan kengayib borishi kutilmoqda. Shuningdek, ushbu imkoniyat xorijda yashayotgan Malta fuqarolari uchun ham mavjud bo‘ladi.
“OpenAI kompaniyasida biz intellektni global vositaga aylantirmoqdamiz. Ishonchimiz komilki, xuddi elektr energiyasi kabi, intellekt ham odamlar, korxonalar va muassasalar uchun qayerda va qachon kerak bo‘lsa, kerakli hajmda mavjud bo‘lishi lozim. Bu qarash faqatgina odamlar ushbu vositalardan o‘z hayotlari va jamiyatlarini yaxshilaydigan tarzda haqiqatda olsagina ahamiyatga ega bo‘ladi”, — deyiladi kompaniya bayonotida.
Maltaning “AI for All” (Hamma uchun sun’iy intellekt) tashabbusi Malta universiteti tomonidan ishlab chiqilgan kurs orqali turli qatlam vakillariga sun’iy intellektdan foydalanishni o‘rganish imkoniyatini taqdim etadi.
Kurs odamlarga sun’iy intellekt nima ekanini, u nimalarga qodir va nimalarni qila olmasligini, shuningdek, undan uyda va ishda qanday qilib mas’uliyat bilan foydalanishni tushunishga yordam berish uchun mo‘ljallangan.
“Biz notanish bo‘lgan tushunchani oilalarimiz, talabalarimiz va ishchilarimiz uchun amaliy yordamchiga aylantirmoqdamiz. Biz fuqarolarimizning raqamli asrda orqada qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, — dedi Malta iqtisodiyot vaziri Silvio Shembri.
Malta bunday dasturni yo‘lga qo‘ygan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Kompaniya kelishuvning moliyaviy tafsilotlarini oshkor qilmadi.
Malta aholisi, BMT ma’lumotlariga asoslangan Worldometer hisob-kitoblariga ko‘ra, 550 mingdan ziyod kishini tashkil etmoqda (ba’zi manbalarga ko‘ra, 574 mingdan ortiq). Mamlakatda aholining o‘rtacha yoshi 41,5 yoshga teng.
OpenAI hozirda milliy ta’lim tizimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Estoniya va Gretsiya kabi davlatlar hukumatlari bilan ham hamkorlik qilmoqda.
Source: www.gazeta.uz