Birlashgan Arab Amirliklaridagi Barakah atom elektr stansiyasi perimetrida uchuvchisiz samolyot hujumi natijasida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu Eron va AQSh o‘rtasidagi mo‘rt sulh sharoitida yangi mintaqaviy keskinlik xavfini tug‘dirmoqda.
Abu-Dabi rasmiylari yakshanba kuni Al-Dafra mintaqasidagi stansiyaning ichki perimetri tashqarisidagi elektr generatorida yong‘in chiqqanini ma’lum qildi. Jabr olganlar yo‘q, radiatsiya darajasi normal holatda qolmoqda.
BAA yadroviy tartibga soluvchi organi stansiya faoliyatiga ta’sir bo‘lmaganini bildirdi. “Barcha bloklar odatdagidek ishlamoqda”, deyiladi ijtimoiy tarmoqlardagi xabarda.
Hujum uchun javobgarlikni hech kim o‘z zimmasiga olmadi va BAA hech bir davlatni ochiq ayblamadi. BAA Mudofaa vazirligi havo hujumidan mudofaa tizimlari ikkita dronni “muvaffaqiyatli” zararsizlantirganini, uchinchisi esa stansiya yaqinidagi generatorga urilganini ma’lum qildi.
Dronlar “g‘arbiy chegaradan” uchirilgani aytilmoqda, ammo tafsilotlar berilmagan. Hujum manbasini aniqlash bo‘yicha tergov davom etmoqda.
BAA AQSh va Isroil 28 fevralda Eronga hujum qila boshlaganidan keyin takroriy eron raketa va dron hujumlariga duch kelgan. Xalqaro Atom Energiya Agentligi (MAGATE) voqea bir reaktorni vaqtincha favqulodda dizel generatorlariga o‘tishga majbur qilganini ma’lum qildi.
MAGATE rahbari Rafael Grossi “jiddiy tashvish” bildirib, yadroviy ob’ektlarga harbiy tahdidlarni “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atadi. Stansiya Saudiya Arabistoni chegarasi yaqinida, Abu-Dabidan 225 km g‘arbda joylashgan.
AQSh va Eron o‘rtasida 8 aprelda e’lon qilingan sulhga qaramay, BAAga qarshi dron hujumlari davom etmoqda. O‘tgan hafta BAA rasmiylari Eronni Fujayra port shahriga raketa va dronlar otganlikda aybladi. Uch hindistonlik yaralangan va Fujayra neft zonasidagi ob’ektda yong‘in chiqqan.
Eron avvalroq AQSh harbiy bazalari yoki Isroil manfaatlari joylashgan mamlakatlar nishonga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Eron so‘nggi paytlarda BAAni Isroil bilan aloqalarni kuchaytirishda ayblagan, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning mojaro paytida Fors ko‘rfazi davlatiga “maxfiy” tashrifi haqidagi xabarlar esa rad etilgan.
AQShning Isroildagi elchisi Mayk Hukabi o‘tgan hafta Isroil Iron Dome havo mudofaa tizimlari va xodimlarini BAAda eron hujumlariga qarshi himoya qilish uchun joylashtirganini aytdi. BAA Tashqi ishlar vazirligi juma kuni Eronning BAA hududiga hujumlarini oqlashga urinishlarini rad etib, har qanday tahdidga javob berish huquqini saqlab qolishini bildirdi.
Source: www.aljazeera.com