Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh prezidentining Grenlandiya bo‘yicha maxsus elchisi, Luiziana gubernatori Jeff Landri Daniya avtonom hududi — Grenlandiyaning poytaxti Nuuk shahriga ko‘p kunlik tashrif bilan keldi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Uning safari 19-20 mayga rejalashtirilgan Future Greenland 2026 iqtisodiy forumiga tayyorgarlik bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Forum investitsiyalarni jalb qilish va mintaqada xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan.

Landri Grenlandiyaga yangi maqomda ilk bor tashrif buyurmoqda. U maxsus elchi etib 2025 yil dekabrida tayinlangan edi. Tashrif davomida u forumda ishtirok etadi va mahalliy aholi hamda biznes vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

AQShning Daniyadagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuvlarning maqsadi iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va AQSh bilan Grenlandiya o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni chuqurlashtirishdir. AFP agentligi xabariga ko‘ra, delegatsiya yetti kishidan iborat bo‘lib, Nuuk markazida joylashgan.

Sermitsiaq nashriga ko‘ra, delegatsiya bilan birga MAGA (“Make America Again”) ramziy kiyimlari keltirilgan. Aeroportda mehmonlarni samolyot trapiga yaqinlashgan avtomobillar kutib oldi. 18 may kuni Grenlandiyaga AQShning Daniyadagi elchisi Ken Xaueri ham kelishi kutilmoqda.

Landri Daniyaning DR telekanaliga bergan intervyusida, prezident Donald Tramp uni safardan oldin “iloji boricha ko‘proq do‘st orttirishga” chaqirganini aytdi. AQShning orolga qiziqishi milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan izohlanadi.

Politico ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida AQSh Grenlandiyaga erkin assotsiatsiya shartnomasini taklif qilishi muhokama qilingan. Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilssen ta’kidlashicha, muzokaralar hali aniq kelishuvlarga olib kelmagan, biroq ma’lum yutuqlarga erishilgan.

Source: kun.uz