AQSh va Xitoy o‘rtasidagi keskinlikni tushuntirishda so‘nggi yillarda “Fukidid tuzog‘i” g‘oyasi eng ommabop konsepsiyalardan biriga aylandi. Uni siyosatchilar, diplomatlar va tahlilchilar tez-tez tilga olmoqda, terminning o‘zi esa vaqti-vaqti bilan hatto dunyo yetakchilari darajasidagi muzokaralarda ham yangramoqda.
Xususan, XXR raisi Si Szinpin Pekinda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lgan uchrashuvda Xitoy va Qo‘shma Shtatlar “Fukidid tuzog‘i”ni yengib o‘tib, yirik davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi paradigmasini yarata oladimi-yo‘qmi degan masalani o‘rtaga tashladi.
Shu bilan birga, ushbu konsepsiya ko‘pincha soddalashtirilgan tarzda — buyuk davlat va uning kuchayib borayotgan raqibi o‘rtasidagi “urushning muqarrarligi” sifatida talqin qilinadi. Aslida esa hammasi ancha murakkab.
Qadimgi yunon tarixchisi Fukidid eramizdan avvalgi V asrda yashagan bo‘lib, u siyosiy tarix hamda xalqaro munosabatlardagi realizm maktabining asoschilaridan biri hisoblanadi. Uning bosh asari — “Peloponnes urushi tarixi” deyarli uchta o‘nyillik davom etgan Afina va Sparta o‘rtasidagi urushga bag‘ishlangan.
Fukidid siyosatni xudolarning xohish-irodasi yoki axloq mezonlari bilan emas, balki davlatlarning manfaatlari, kuchlar muvozanati, qo‘rquv va ta’sir doirasi uchun kurash orqali tushuntirishga harakat qilgan. Oradan ikki yarim ming yil o‘tib “Fukidid tuzog‘i” konsepsiyasining yaratilishiga asos bo‘lgan kalit jumla shunday yangraydi: “Afina qudratining yuksalishi va bu holat Spartada uyg‘otgan qo‘rquv urushni muqarrar qilib qo‘ydi”.
Biroq shuni tushunish muhimki, Fukididning o‘zi hech qanday “tuzoq” yaratmagan. U shunchaki muayyan bir urushning — Peloponnes urushining kelib chiqish sabablarini tushuntirishga harakat qilgan, xolos.
“Fukidid tuzog‘i” terminini amerikalik siyosatshunos, Garvard universiteti professori va Pentagonning sobiq xodimi Grem Allison muomalaga kiritgan. U 1970-yillardayoq Karib inqiroziga bag‘ishlangan tadqiqotlari tufayli keng tanilgandi.
Allison ushbu konsepsiyani AQSh va Xitoy munosabatlari global yetakchilik uchun kurash sifatida tez-tez ta’riflana boshlagan davrda, o‘zining “Destined for War: Can America and China Escape Thucydides’s Trap” kitobida batafsil bayon qilgan. Allison ilgari ko‘plab tarixiy mojarolarga qo‘llanib kelingan qadimiy universal nazariyani topib olmadi. Aksincha, mazkur konsepsiya aynan AQSh-Xitoy munosabatlarini tahlil qilish uchun shakllantirilgan. Shundan keyingina Allison va uning jamoasi tarixiy o‘xshashliklarni izlashga kirishgan.
Allisonning talqiniga ko‘ra, “Fukidid tuzog‘i” quyidagicha vaziyatdir: Konsepsiyaning asl ma’nosi “o‘sib borayotgan kuch”, albatta, urushni xohlashida emas. Yoki eski yetakchi davlatning o‘z mavqeini, albatta, kuch bilan saqlab qolishga intilishida ham emas. Allisonning asosiy g‘oyasi — dunyodagi kuchlar muvozanati o‘zgarganda yuzaga keladigan tizimli keskinlik.
Uning mantig‘iga ko‘ra, xavfni nafaqat Xitoyning ambitsiyalari, balki AQShning o‘z nisbiy ustunligini yo‘qotayotganiga ko‘rsatayotgan reaksiyasi ham yuzaga keltiradi. Aynan shu sababli ham ushbu konsepsiya savdo urushlari, texnologik cheklovlar va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida ta’sir doirasi uchun kurash avj olgan davrda tez fursatda ommalashib ketdi.
Allison va uning tadqiqot guruhi so‘nggi qariyb 500 yil ichida bir davlat boshqasiga chaqiriq tashlagan 16 ta tarixiy holatni o‘rganib chiqdi. Ularning baholashicha, 12 ta holatda qarama-qarshilik urush bilan yakunlangan, 4 ta holatda esa urushning oldini olishga muvaffaq bo‘lingan.
Ko‘rib chiqilgan misollar orasida quyidagilar bor: Shu bilan birga, Allison alohida ta’kidlagan: tarix davlatlarni avtomatik tarzda to‘qnashuvga “mahkum etmaydi”. U ko‘proq dunyodagi yetakchilik almashinuvi davrlari qanchalik xavfli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib beradi.
Eng asosiy e’tirozlardan biri tarixning haddan tashqari soddalashtirib yuborilganidir. Tanqidchilarning fikriga ko‘ra, urushlar shu qadar ko‘p omillar tufayli kelib chiqadiki, ularni faqat bitta tarkibiy sxema bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Masalan, konsepsiya tarafdorlari “Fukidid tuzog‘i”ga tez-tez misol qilib keltiradigan Birinchi jahon urushini tarixchilar faqat Germaniyaning kuchayishi bilan emas, balki ittifoqchilik tizimlari, milliyatchilik, Bolqondagi inqirozlar va siyosiy elitalarning xatolari bilan ham izohlaydi.
Ushbu konsepsiyaning eng taniqli tanqidchilaridan biri, amerikalik siyosatshunos Jozef Nayning ta’kidlashicha, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi raqobat “Fukidid tuzog‘i”dan ko‘ra ko‘proq “Kindlberger tuzog‘i”ni eslatadi. Bu — dunyo tizimi davlatlarning o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri kurashi tufayli emas, balki global yetakchilikning yetishmasligi oqibatida beqarorlashib boradigan vaziyatdir.
Boshqa bir tanqidchi, siyosatshunos Stiv Chan o‘zining “More Than One Trap: Problematic Interpretations and Overlooked Lessons from Thucydides” nomli maqolasida Allison tarixiy o‘xshashliklardan haddan tashqari erkin foydalanganini va misollarni avvaldan tayyorlab qo‘yilgan sxemaga moslab tanlab olganini yozadi.
Tanqidchilar, shuningdek, zamonaviy dunyoning qadimgi Yunonistondan juda katta farq qilishini ham ko‘rsatib o‘tadi: Shunga qaramay, ushbu termin zamonaviy siyosatda yashashda davom etmoqda: u urushning muqarrarligini isbotlashdan ko‘ra ko‘proq — agar davlatlar bunday o‘tish davrlarining xavfini anglab yetmasa, to‘qnashuv ehtimoli sezilarli darajada oshishi haqida ogohlantiradi.
Biroq tarix buning aksi bo‘lgan misollarni ham biladi — buyuk davlatlar o‘zaro murosalar, diplomatik mexanizmlar va yangi voqelikka moslashish orqali urushdan qochib qutula olgan holatlar ham talaygina.
Source: www.gazeta.uz