Tailand hukumati 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim muddatini qisqartirish va avvalgi kirish qoidalariga qaytish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda The Nation nashri mamlakat turizm va sport vaziri Surasak Pancharoenvorakulga tayanib xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, turistik oqimni rag‘batlantirish uchun joriy etilgan 60 kungacha vizasiz qolish sxemasi bekor qilinadi. Aksariyat davlatlar uchun vizasiz muddat 30 kungacha qisqartiriladi.
Ba’zi davlatlar uchun vizasiz muddat 15 kungacha qisqartirilishi mumkin. Aniq shartlar Viza siyosati qo‘mitasi tomonidan iqtisodiy omillar va xavfsizlik masalalari asosida belgilanadi.
Hukumat yangi viza siyosatida turistik oqimni ko‘paytirishdan ko‘ra, “turistlar sifati” va kirish nazoratini kuchaytirishga ustuvorlik berilishini ta’kidladi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazir viza berish tizimini qayta ko‘rib chiqishni topshirgan.
60 kunlik vizasiz rejim 2024-yilda turizmni qo‘llab-quvvatlash choralari doirasida joriy etilgan edi. Biroq vazirlik statistikasiga ko‘ra, xorijiy sayyohlarning aksariyati mamlakatda o‘rtacha to‘qqiz kun qoladi, bu belgilangan muddatdan ancha qisqa.
Hukumat xorijiy sayyohlardan 300 bat miqdorida qo‘shimcha yig‘im undirishni ham ko‘rib chiqmoqda. Mablag‘lar turistik infratuzilmani rivojlantirish va nazorat tizimlarini kuchaytirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Davlatlarning yakuniy ro‘yxati va vizasiz rejimning yangilangan qoidalari Viza siyosati qo‘mitasi tomonidan qo‘shimcha ko‘rib chiqilgandan so‘ng tasdiqlanadi.
Source: kun.uz